Xabaringiz bor, ayni paytda yurtimizda, xususan Sirdaryo viloyatida paxta terimi avjida bo‘lib, joriy yilda mazkur jarayonni tartibli tashkil etish, majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik, terim uchun belgilangan miqdordagi mablag‘larni o‘z vaqtida to‘liq berilishini nazorat qilish yuzasidan qator ishlar amalga oshirilmoqda. Bunda, majburiy mehnat uchun javobgarlikning qatʼiyligi bo‘yicha fuqarolar va mansabdor shaxslarning masʼuliyatini oshirish maqsadida joylarda amaliy seminar va davra suhbatlari ham tashkil etilmoqda.

Huquqlari buzilgan, majburiy tarzda mehnatga jalb qilingan fuqarolarning mutasaddilarga murojaat etishi uchun platformalar yo‘lga qo‘yildi hamda “Ishonch telefon” raqami va mehnat huquq telegramm messenjeri mavjud bo‘lgan bannerlar viloyatimizning barcha tuman, shaharlardagi aholi gavjum joylarga joylashtirildi. Shuningdek, viloyat Bandlik bosh boshqarmasi hamda tuman-shahar Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari rahbarlari ham fuqarolarga flayerlar tarqatilishida, ularning huquqiy savodxonligini oshirishda shaxsan tashabbus ko‘rsatishmoqda, bu jarayonlarda xodimlar qatorida faol ishtirok etishmoqda.

Mirzaobod tumani
Sardoba tumani
Sirdaryo tumani

Bundan tashqari, majburiy mehnatga qarshi kurashish, hududlarda paxta yig‘im-terimida mehnat shartnomalari va kelishuv hujjatlarini rasmiylashtirish bo‘yicha metodik yordam ko‘rsatish, majburiy mehnat va bolalar mehnatiga yo‘l qo‘ymaslik holatlarini o‘rganish maqsadida viloyat Bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat inspektorlari tarkibidagi ishchi-guruhlar tashkil qilindi.

Sirdaryo viloyati Bandlik bosh boshqarmasi barcha fuqarolarimizni majburiy mehnatga qarshi kurashga chaqiradi:

Hurmatli sirdaryoliklar!

O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatning har qanday shakli qonunga xilofdir! Agarda Sizni paxta terimi yoki boshqa biror ishga majburlashsa yoki shunday holatga duch kelsangiz, Davlat mehnat inspeksiyasining 1176 qisqa raqamlariga, dmi.mehnat.uz sayti yoki @mehnathuquqbot Telegram botiga murojaat qiling!

Sirdaryo viloyati Bandlik bosh boshqarmasi matbuot xizmati

By admin