Xabaringiz bor, viloyat Bandlik bosh boshqarmasi tizimida 3-noyabrdan 2-dekabrga qadar “Korrupsiyaga qarshi kurashish oyligi” eʼlon qilingan.

Bugun Guliston “Ishga marhamat” monomarkazida oylik munosabati bilan “Korrupsiyaga qarshi kurashish – jamiyat taraqqiyotining asosi” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi.

Uni monomarkaz direktori Farhod Qarshiboyev boshqarib bordi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda boʻlish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni, hamda “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori mazmun-mohiyati tushuntirildi.

Monomarkaz xodimlariga korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni oʻz vaqtida aniqlash, unga chek qoʻyish, unga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi aniq hayotiy misollar orqali uqtirildi.

Shuningdek, tadbir davomida mehnat qonunchiligi, ijro intizomi, odob-axloq qoidalari toʻgʻrisida ham keng maʼlumotlar berildi.

Korrupsiya – shaxsning oʻz mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini, yoxud oʻzga shaxslarning manfaatlarini koʻzlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etishidir. Shunday ekan, korrupsiyaga qarshi kurashish asosiy vazifalarimizdan biri boʻlmogʻi lozim.

By admin