Muhtaram yurtboshimiz tomonidan mamlakatimizda xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish, xorijiy investitsiyalarni oʻzlashtirish va tashqi savdo hajmlarini oshirish boʻyicha masʼullar oldiga aniq vazifalar belgilab berilgan.

Sirdaryoda belgilangan marralarga erishish maqsadida xorijiy investorlar bilan doimiy muzokaralar olib borilmoqda.

Bugun viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Akmaljon Maxmudaliyev Sirdaryo tumanidagi “Peng Sheng” MCHJ qoʻshma korxonasi faoliyati, mahsulotlar koʻrgazmasi, shuningdek, yaqin kunlarda ishga tushirilishi rejalashtirilayotgan marmar ishlab chiqarish loyihasi bilan tanishdi. Mutaxassislar tomonidan qoʻshma korxonaning ishlab chiqarish quvvati, mahsulot turlari va istiqboldagi loyihalar boʻyicha maʼlumot berildi.

Viloyat hokimi korxonada mehnat qilayotgan yoshlar bilan ham suhbatlashdi. Bugun ularni qiynayotgan muammolar, mamlakatimizdagi oʻzgarishu imkoniyatlar borasidagi fikrlari, kelajak rejalari bilan qiziqdi.

Shu yerning oʻzida viloyat hokimi va qoʻshma korxona rahbari Dji Kyuxai oʻrtasida muzokara oʻtkazildi. Unda yangi loyihalarni amaliyotga tatbiq etish yuzasidan fikr almashildi. Dji Kyuxai tomonidan Xitoy Xalq Respublikasining Shensi provinsiyasi bilan yaqindan hamkorlik olib borish taklifi bildirildi. Qayd etish kerakki, bu oʻz navbatida Sirdaryo viloyatida Xitoy kompaniyalari bilan yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirishga zamin yaratadi.

Yakunda loyiha qiymati 10 million AQSH dollarilik keramik plitalar ishlab chiqish loyihasini ikkinchi bosqichini boshlash yuzasidan kelishuv memorandumi imzolandi. Buning natijasida istiqbolda qoʻshimcha 200 ta yangi ish oʻrni yaratilishi nazarda tutilgan.

By admin