Sirdaryo viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasida «Korrupsiyaga qarshi kurashish har birimizning burchimiz!» mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Unda tuman, shahar bo‘limlari hamda tasarrufiy tashkilotlar xodimlari videokonferens aloqa orqali ishtirok etishdi.
Tadbirda boshqarma mas’ul xodimi yil davomida amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi rejalar bo‘yicha ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, tizim tashkilotlarida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish orqali korrupsiyani tubdan yo‘qotishga erishish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan toqatsiz munosabatni shakllantirish, korrupsiyaviy huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash, barham berish, unga olib keluvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish, korrupsiyaviy huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligini tushuntirish orqali sohada sog‘lom muhitni yaratish maqsadida ISO 37001:2016 xalqaro standarti talablari asosida Korrupsiyaga qarshi kurashish Siyosati joriy etilgan.
2024-yil davomida “Korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirish” dasturi bo‘yicha 149 nafar boshqaruv xodimlari o‘qishga jalb qilinib, malaka sertifikatiga ega bo‘ldi.
Shuningdek, davra suhbatida mutasaddi tashkilotlar vakillari qatnashib, illatga qarshi murosasiz kurashish, har bir xodim faoliyati davomida manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik, nafaqat ishda, har qanday korrupsion holatga duch kelganda qayday yo‘l tutish kerakligi bo‘yicha tushuncha berishdi.
E’tiborli jihati, tadbirda tizimdagi yoshlar ham faol ishtirok etib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi. Shu orqali korrupsiyaga qarshi kurashish borasida bilim va ko‘nikmalarini yanada oshirishdi.