Avvalroq, mazkur murojaat Sirdaryo viloyati Bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan o‘rganilayotganligi, natijalari yuzasidan batafsil axborot berilishi to‘g‘risida xabar berilgandi. Mazkur murojaat, Sirdaryo viloyati Bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari, Bosh Davlat mehnat huquq inspektori Muhammadi Abduraxmanov tomonidan, viloyat Bandlik bosh boshqarmasining 2022 yil 18 sentyabr kungi 275-sonli buyrug‘i asosida yuqorida ko‘rsatilib o‘tilgan maqolada qayd etilgan murojaat asosida Guliston olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida o‘rganish o‘tkazildi va quyidagilar aniqlandi.

Markaz rahbariyati va xodimlari bilan o‘tkazilgan suhbatda haqiqatda 2022 yil 17 sentyabr kuni “Butunjahon tozalik kuni” munosabati bilan viloyatda barcha hududlarda tozalik aksiyasiga start berilganligi sababli, markazda ham atroflarni tozalash maqsadida 2022 yil 17 sentyabr kuni barcha xodimlar ishtirokida tozalik kuni o‘tkazilanligi maʼlum bo‘ldi. Markazda, 2022 yil 17 sentyabr kuni “Butunjahon tozalik kuni”ni o‘tkazish uchun asos etib, markaz Kasaba uyushmasi qo‘mitasining yig‘ilish bayonnomasi olinib, unda barcha xodimlar va kasaba uyushmasi qo‘mitasi aʼzolari ishtirok etib, tozalik kunida qatnashish istagini bildirib, ularning roziligi asosida amalga oshirilganligi aniqlandi. Masalaga oydinlik kiritish maqsadida markazning barcha xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda, so‘zga chiqqan S.Abdugaffarov, D.Usmonov, G.Xamdamov, D.Risbayeva, Sh.Mahmudov, S.Saxibnazrov, D.Umarova, F.Usmonov va boshqalar haqiqatda 2022 yil 17 sentyabr kuni tozalik kunida qatnashib, o‘z ish joylarini va atrofni tozalash uchun o‘z hissalarini qo‘shganligini, hech kim, shu jumladan markaz direktori tomonidan majburlamaganligini maʼlum qilishib, internet orqali chop etilgan maqolada qayd etilgan misollar noto‘g‘ri ekanligini maʼlum qilishdi.

Ushbu yig‘ilishda qatnashgan va so‘zga chiqqan barcha xodimlardan bu borada tushuntirish so‘ralganda, ular o‘z tushuntirish xatlarida tozalik kunida ixtiyoriy ravishda qatnashganliklarini, direktor tomonidan ularni majburlamaganligini tushuntirish xatlarida bayon qilishdi. Markazda tozalik kunini o‘tkazishda ish beruvchi tomonidan mehnat qonunchiligiga amal qilish holati o‘rganilganda, bu borada markaz kasaba uyushmasi qo‘mitasining yig‘ilish o‘tkazilgan bo‘lib, yig‘ilishning qaror qismida rozilik berilganligi maʼlum bo‘lib, ammo ish beruvchining tozalik kunini o‘tkazish uchun buyruq rasmiylashtirilmaganligi, mehnat kodeksining tegishli moddalari talabi asosida xodimlarga dam olish kuni tozalik kunida qatnashganliklari uchun ikki hissa haq to‘lash yoki otgul berilishi buyruq bilan rasmiylashtirilmaganligi maʼlum bo‘ldi.

Yuqoridagilarni inobatga olib xulosa qilindi: Internet tarmog‘idagi “EFFECT.UZ” nashrida «Direktormi? Diktatormi? — Gulistonda o‘qituvchilar majburiy mehnatga jalb qilindi» sarlavhali xabardagi holatlar o‘z isbotini topmadi.

Markazda tozalik kunini o‘tkazishda ish beruvchi tomonidan mehnat qonunchiligiga amal qilish holatlarida qayd etilgan shanbalikni o‘tkazish uchun buyruq rasmiylashtirilmaganligi, mehnat kodeksining tegishli moddalari talabi asosida xodimlarga dam olish kuni ishlaganliklari uchun ikki hissa haq to‘lash yoki otgul berilishi buyruq bilan rasmiylashtirilmaganligi sababli, markaz direktori I.Urakovga nisbatan MJtKning 49-moddasi 1-qismi (Mansabdor shaxs tomonidan mehnat va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish)ga binoan maʼmuriy jazo chorasi qo‘lanildi.

Sirdaryo viloyati Bandlik bosh boshqarmasi matbuot xizmati

By admin