Aholining ish bilan band bo‘lmagan qatlamini korxona, tashkilot va muassasalardagi bo‘sh ish o‘rinlari va xizmat lavozimlariga ishga joylashtirish hamda mehnat bozoridagi talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitish maqsadida Guliston shahridagi istirohat bog‘ida viloyati hokimligi, viloyat prokuraturasi, ichki ishlar boshqarmasi, kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi hamkorligida tashkillashtirilgan  “Mehnat yarmarkasi”da viloyatdagi 972 ta davlat tashkilotlari o‘zlaridagi mavjud 4 301 ta bo‘sh lavozimlar (415 tasi xalq ta’limi, 288 tasi sog‘liqni saqlash va 3 598 tasi boshqa yo‘nalishlarda) hamda 60 tadbirkorlik su’bektlaridagi 4 419 bo‘sh ish o‘rinlari (qurilish yo‘nalishida 887 ta, tekstil korxonalarida 2770 ta va 762 ta xizmat ko‘rsatishda) taqdim etishdi.

Yarmarkada Toshkent shahrida joylashgan “Texnopark” MChJ ish beruvchilari ham qatnashib, ishtirokchilarga 1 000 dan ortiq bo‘sh ish o‘rinlarini taklif etdi.

Xorijda ishlash istagida bo‘lgan fuqarolar Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi mas’ullari tomonidan xorijda yuqori daromadli bo‘sh ish o‘rinlari, ish beruvchilarning talab va takliflari, chetga ketish tartibi bo‘yicha ma’lumot berildi.

Jumladan, hozirda Germaniyada tibbiyot, xizmat ko‘rsatish, qurilish, ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi va yuk mashinasi haydovchisi jami 50 ming nafar, Buyuk Britaniyada go‘sht mahsulotlari ishlab chiqarish fabrikasida sifat nazorati menejeri, qassobchilik dehqonchilik va mavsumiy ishlarda 7 500 nafar, Polshada payvandlash, armatura to‘quvchi, qolipchi, suvoqchi, gipsokarton ustasi, sa’noat va oziq ovqat sohasida ishlab chiqarish opertoriligiga  4 500 nafar ishchi kuchiga talab bor.

Kasb-hunar o‘rganishni xohlovchilar uchun Guliston, Sardoba “Ishga marhamat” monomarkazlari va Oqoltin, Sayxunobod, Xovos o‘quv markazlarida o‘qish, aholining daromadini yanada oshirish maqsadida tijorat banklari tomonidan taklif etilayotgan kredit paketlari bilan aholini yanada yaqindan tanishtirish yuzasidan taqdimotlar o‘tkazildi.

Bundan tashqari, ishtirokchilar mehnat qonunchiligi – O‘zbekiston Respublikasi “Aholini bandligi to‘g‘risida”gi Qonuni va “Mehnat kodeksi” to‘g‘risida mutaxassislardan huquqiy maslahat olishdi.

Yarmarka davomida 1000 nafardan ortiq fuqaroga ishga joylashish uchun yo‘llanma berilib, 714 nafari bilan ishberuvchilar o‘rtasida mehnat shartnomasi rasmiylashtirildi. Kasb-hunar o‘rganish istagini bildirgan 150 ga yaqin fuqaro o‘zlari tanlagan o‘quv markazlariga o‘qishga qabul qilindi.

Tadbirda tashkilotchilar tomonidan eng ko‘p ish o‘rni yaratib, aholi bandligini ta’minlayotgan ish beruvchilarga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari, bir guruh yoshlarga o‘zini o‘zi band qilishlari uchun zarur maishiy texnika va asbob-uskunalar berildi. Shuningdek, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishga kredit so‘rab, murojaat qilgan fuqarolarga sertifikat hamda Guliston “Ishga marhamat” monomarkazi bitiruvchilariga diplomlar tantanali topshirildi.

By admin