Mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishda qonunchilik normalarining qo‘llanish mohiyati

Ish beruvchi va xodimlar o‘rtasidagi mehnat munosabatlarni tartibga solishda amaldagi qonunchilik normalarni to‘g‘ri qo‘llash ular o‘rtasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ziddiyatlarning oldini olish uchun xizmat qiladi. Xususan, mazkur maqolada mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishda ish beruvchi va xodim tomonidan e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan eng muhim holatlar yuzasidan so‘z yuritiladi.

 

Ish beruvchining tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilish deganda nimani tushunamiz?

  • texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o‘zgarishlar, xodimlar soni (shtati) yoki ish xususiyatining o‘zgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqarganligi yoxud korxonaning tugatilganligi;
  • xodimning malakasi yetarli bo‘lmaganligi yoki sog‘lig‘i holatiga ko‘ra bajarayotgan ishiga noloyiq bo‘lib qolishi;
  • xodimning o‘z mehnat vazifalarini bir marta qo‘pol ravishda buzganligi.
  • xodimning o‘z mehnat vazifalarini muntazam ravishda buzganligi.
  • o‘rindoshlik asosida ishlamaydigan boshqa xodimning ishga qabul qilinishi;
  • xodimda yoshga doir davlat pensiyasini olish huquqining paydo bo‘lganligi.
  • korxona rahbari, uning o‘rinbosarlari, bosh buxgalter bilan, korxonada bosh buxgalter lavozimi bo‘lmagan taqdirda esa, bosh buxgalter vazifasini amalga oshiruvchi xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi mulkdorning almashishi sababli bekor qilinganligi.

 

Mehnat shartnomasi bekor qilinishi haqida xodim qancha muddat oldin ogohlantirilishi lozim va tartibi qanaqa ?

Ish beruvchi mehnat shartnomasini bekor qilish haqida xodimni quyidagi muddatlarda yozma ravishda (imzo chektirib) ogohlantirishi shart:

  • kamida ikki oy oldin — mehnat shartnomasi texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o‘zgarishlar, xodimlar soni (shtati) yoki ish xususiyatining o‘zgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqarganligi yoxud korxonaning tugatilganligi, korona mulkdori almashganligi munosabati bilan, shuningdek xodimning pensiya yoshiga to‘lganligi munosabati bilan, qonun hujjatlariga muvofiq yoshga doir davlat pensiyasini olish huquqi mavjud bo‘lgan taqdirda bekor qilinganda;
  • kamida ikki hafta oldin – mehnat shartnomasi xodimning malakasi yetarli bo‘lmaganligi yoki sog‘lig‘i holatiga ko‘ra bajarayotgan ishiga noloyiq bo‘lib qolishi munosabati bilan bekor qilinganda.
  • kamida uch kun oldin – mehnat shartnomasi xodim aybli xatti-harakatlar sodir etganligi munosabati bilan bekor qilingan hollarda.

 

Ogohlantirish muddatini qisqartirish mumkinmi ?

Ish beruvchi mehnat shartnomasini bekor qilish haqida xodimni kamida ikki oy oldin  yozma ravishda (imzo chektirib) ogohlantirishi shart.

Xodim bilan ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga binoan mazkur ogohlantirish uning muddatiga muvofiq keladigan pullik kompensatsiya bilan almashtirilishi mumkin.

 

Mehnat shartnomasi bekor qilinganda xodimga qancha muddatda mehnat daftarchasi berilishi lozim ?

Mehnat shartnomasi bekor qilingan kuni ish beruvchi xodimga uning mehnat daftarchasini  (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 31 oktyabrdagi «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi PQ-4502-son qarori talabi asosida) va mehnat shartnomasining bekor qilinishi haqidagi buyruqning nusxasini berishi shart.

 

Mehnat shartnomasini bekor qilishni rasmiylashtirish tartibini bilasizmi ?

Mehnat shartnomasini bekor qilish ishga qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar tomonidan amalga oshiriladi va buyruq bilan rasmiylashtiriladiXodimning tashkilotdagi oxirgi ish kuni mehnat shartnomasi bekor qilingan kun deb hisoblanadi.

Ish beruvchining buyrug‘ida mehnat shartnomasini bekor qilish asoslari ta’rifiga to‘la muvofiq holda yozilib, normativ hujjatlarning tegishli moddasi (bandi) dalil qilib ko‘rsatiladi.

 

Qaysi holatlarda ish beruvchining tashabbusi bilan mehnat shartnomasi bekor qilish mumkin emas.

 Xodim vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davrida va ta’tillarda bo‘lgan davrida mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi (korxona butunlay tugatilgan hollar bundan mustasno).

Jamoa kelishuvi yoki jamoa shartnomasida mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish uchun kasaba uyushmasi yoki xodimlar boshqa vakillik organining oldindan roziligini olish nazarda tutilgan bo‘lsa, shartnomani bunday roziliksiz bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. Kasaba uyushmasi qo‘mitasining xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilishga rozilik berish masalasi bo‘yicha qabul qilgan qarori tegishli taqdimnoma olingan kundan boshlab 10 kunlik muddatda ish beruvchiga yozma ravishda berilishi kerak.

Ish beruvchi kasaba uyushmasi roziligini olgandan keyin 1 oydan kechiktirmay mehnat shartnomasini bekor qilishga haqli.

 

Mehnat shartnomasi ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilinganida xodimga qanday qo‘shimcha kafolatlar qo‘llaniladi ?

 Ish beruvchi 2 oydan kechiktirmasdan mahalliy mehnat organiga har bir xodimning kasbi, mutaxassisligi, malakasi va mehnat haqi miqdorini ko‘rsatgan holda, bo‘lajak ishdan ozod qilish to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ham ma’lum qilishi shart. Shunga asosan, xodimlar mehnat shartnomasi bekor qilingan kundan boshlab o‘ttiz kalendar kun mobaynida mahalliy mehnat organida ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tsalar, mahalliy mehnat organi bergan ma’lumotnomaga binoan uchinchi oy uchun ham oldingi ish joylaridan o‘rtacha ish haqi olish huquqiga ega bo‘ladilar.

 

Foydalanilmagan yillik asosiy va qo‘shimcha ta’tillar uchun to‘lovlar qanday hisoblanadi ?

 Agar xodim mehnat faoliyati davomida yillik asosiy va qo‘shimcha ta’tillardan foydalanmagan bo‘lsa, mehnat shartnomasi bekor qilinganda unga foydalanilmagan barcha yillik asosiy va qo‘shimcha ta’tillar uchun pullik kompensatsiya to‘lab beriladi.

 

Mehnat shartnomasi ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilinganida xodimga ish haqi qancha muddatda to‘lab beriladi ?

Mehnat shartnomasi ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilinganda xodimga tegishli ish haqi, uning miqdori xususida nizo bo‘lmasa:

  • mehnat shartnomasi bekor qilingan kunga qadar ishlayotgan xodimga – mehnat shartnomasi bekor qilingan kuni;
  • mehnat shartnomasi bekor qilingan kuni ishlamayotgan xodimga – hisob-kitob qilishni talab etgan kuni to‘lanishi kerak.

Mehnat shartnomasi xodimning tashabbusi bilan bekor qilinganda unga tegishli ish haqi, uning miqdori xususida nizo bo‘lmasa:

  • ogohlantirishi shart bo‘lgan xodimga – ishni tashlab ketishga haqli bo‘lgan kundan kechiktirmasdan;

ogohlantirishi shart bo‘lmagan xodimga, – ishdan ketgan kunining ertasidan kechiktirmasdan to‘lanishi lozim

 

Alohida toifadagi xodimlar bilan mehnat shartnomasini bekor qilishning o‘ziga xos xususiyatlari.

   O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi Qonunning
19-moddasidasiga muvofiq vazirlarning va davlat qo‘mitalari raislarining o‘rinbosarlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.

By admin