Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasining 2022-yil 14-oktyabrdagi “Kasanachilikni tashkil etgan tadbirkorlik subyektlarini yanada qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 596-sonli qaroriga muvofiq, bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan tadbirkorlik subyektlariga “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoki “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”da boʻlgan va kasanachilik bilan shugʻullanayotgan fuqarolarga asbob-uskunalar xarid qilib berish xarajatlarining 50 foizgacha boʻlgan qismi, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 15 barobarigacha miqdorida subsidiya ajratish belgilangan. 

Mirzaobod tumani Mirzo Ulugʻbek nomli mahallasida joylashgan “Dunyo Ekspres-2022” MCHJ ishlab chiqarish korxonasi rahbari Shodiyona Raimova kasanachilik bilan shugʻullanish maqsadida “Shodiyona” tikuvchilik markazini tashkil etdi.

Bugun tikuvchilik markazining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda viloyat hokimining oʻrinbosari – oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshligʻi Nargiza Tojiboyeva, tuman hokimi Jonibek Yariyev va mutasaddi tashkilotlar vakillari hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.

Tadbirda soʻzga chiqqanlar yurtimizda band boʻlmagan aholi, ayniqsa, xotin-qizlarning bandligini taʼminlash borasida olib borilayotgan islohotlar haqida soʻz yuritib, korxona faoliyatiga rivoj va muvaffaqiyatlar tilashdi.

– Qaror ijrosini taʼminlash maqsadida hozirda Sirdaryo viloyatida kasanachilik bilan shugʻullanish istagini bildirgan 5 ta tadbirkorlik subyektiga jami 302,2 million soʻmlik subsidiya ajratildi, – dedi viloyat Bandlik Bosh boshqarmasi Ishsizlarni hisobga olish, ishga joylashtirish, kasanachilikni rivojlantirish va ijtimoiy qo’llab-quvvatlash sho’basi mudiri Avazbek Ernazarov. – Buning hisobiga 75 nafar xotin-qizlar ishli boʻlishdi.

Etiborli jihati, Sh.Raimovaga qariyb 83 million soʻm subsidiya berilib, tikuvchilik markazi zamonaviy tikuv mashinalari bilan toʻliq jihozlandi. Natijada hududdagi ijtimoiy himoyaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan, ijtimoiy reyestrda turuvchi 20 nafar ishsiz xotin-qizlarning bandligini taʼminladi.

By admin