Viloyat Bandlik bosh boshqarmasi hamda Toshkent shahrida joylashgan “Texnopark” MCHJ kelishuviga asosan 2022-yil davomida mazkur masʼuliyati cheklangan jamiyat mingdan ortiq sirdaryolikning bandligini taʼminladi.

Hamkorlik doirasida 2023-yil ham bandlik masalasida yuqori natijalarga erishish maqsad qilingan.

Bugun Bandlik bosh boshqarmasi majlislar zalida “Texnopark” MCHJda ishlash istagini bildirgan va ish qidirayotgan fuqarolar bilan masʼuliyati cheklangan jamiyati vakillarining uchrashuvi tashkillashtirildi.

Uchrashuvda “Texnopark” faoliyati, ishlab chiqarish jarayoni va xodimlarga qoʻyiladigan talablar hamda ularga yaratilgan shart-sharoit, qulayliklar toʻgʻrisida tushuncha berildi. Shuningdek, ishtirokchilar ish vaqti va oylik maoshining ortib borish tartibi, yotoq joy kabi masalalarda oʻzlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar.

Tadbir davomida tuman, shahar Aholi bandligiga koʻmaklashish markazlari koʻmagida talab etiladigan hujjatlari toʻplangan talabgorlar roʻyxatdan oʻtkazildi.

Maʼlumot oʻrnida, yurtimizda import oʻrnini bosuvchi sanoat mahsulotlari va maishiy texnika ishlab chiqarish uchun ishlab chiqarish korxonalarini keng assortimentda tashkil etish hamda yangi ish oʻrinlarini yaratish maqsadida 2019-yil tashkil etilgan “Texnopark” MCHJda 5 mingdan ortiq ishchi mehnat qilmoqda. Hozirda 13 ta ishlab chiqarish obyekti, jumladan, elektron gaz hisoblagichlari (“Osten”, “Pietro Fiorentini” Italiya), maishiy muzlatgichlar (“SAMSUNG” brendi, Koreya Respublikasi), sanoat konditsionerlari va sovutish tizimlari (“SHIVAKI” brendi, Yaponiya), liftlar va eskalatorlar (“Osten” brendi, “Shanghai Mitsubishi”, Xitoy), suv nasoslari (“LEO” brendi, Xitoy), qoliplar va shtamplar (“Texnomold” brendi), eshik va deraza romlari uchun furnitura va aksessuarlar (“Eser Kimya San. ve Tic. A.Ş.” “Metalix Dis Ticaret Ltd. STI”, Turkiya), panel radiatorlari (“Leas” va “Euroimpianti”, Italiya), metall konstruksiyalar (“AVANT“ brendi), sanoat muzlatgichlari(”SHIVAKI FRIGO COOL“ brendi), kir yuvish mashinalari (”SHIVAKI“, ”Samsung“, ”Artel» brendi) va PIR plombali sendvich panellar (AVANT brendi) hamda mis quvurlari va mis mahsulotlari (“UzCopper” brendi) ishlab chiqariladi.

By admin