Davlatimiz rahbarining «Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosi doirasida joriy yil yakuniga qadar viloyatimizda jamoat transporti parklari 40 ta yangi avtobuslar bilan to‘ldirilishi rejalashtirilgan.
Dastlabki bosqichda «Uchlik Ishonch Savdo» mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan Xitoyning Yutong Bus kompaniyasida ishlab chiqarilgan 8 ta ekologik toza, har tomonlama qulay va zamonaviy bo‘lgan ZK6890HG rusumli yangi avtobuslar olib kelindi.
Bugun ularni tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimda viloyat hokimi Akmaljon Maxmudaliev, Transport vazirligi mas’ullari, tadbirkorlar, nuroniylar, deputatlar, OAV vakillari hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Yig‘ilganlar avtobuslarning texnik xususiyatlari va qulayliklari bilan tanishdi. 26 o‘rindiqli yangi jamoat transporti iqlimimizga mos sovitish va isitish vositalari, shuningdek, «GPS» tizimi va maxsus videokuzatuv kameralari bilan jihozlangan. Salonda elektron to‘lov tizimini amalga oshirish qurilmasi ishlaydi.
Avtobuslarning viloyat markazidagi yo‘lovchilar oqimi yuqori bo‘lgan, shuningdek, bir qator yangi yo‘nalishlarda qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Natijada mavjud yo‘nalishlardagi qatnovlarning oraliq vaqti qisqaradi. Qolaversa, shaharning ichki sayyohlik jozibadorligi oshadi. Bundan tashqari 10 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratiladi.