Prezident tomonidan Qonun (O’RQ-983-son, 25.10.2024 y) imzolandi
Unga ko’ra, Qozog’iston, Qirg’iz, Tojikiston, Turkmaniston va O’zbekiston Respublikalari o’rtasida yoshlarga oid siyosatning umumiy yo’nalishlari to’g’risidagi Bitim (Dushanbe, 2023-yil 14-sentabr) ratifikatsiya qilindi.
Ushbu Bitimni tuzish tashabbusi 2022-yil 21-iyulda Cho‘lpon-Otada o‘tkazilgan Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining IV maslahat uchrashuvida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan. Bitim — mintaqa yoshlarini birlashtirish va o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash yo‘lidagi muhim hujjat hisoblanadi.
Bitimning asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
— yoshlarni Markaziy Osiyo davlatlarining ijtimoiy, madaniy, siyosiy va iqtisodiy hayotiga jalb qilish;
— yoshlarning jamiyat hayotidagi roli va faolligini oshirish;
— sog‘lom va barkamol yosh avlodni tarbiyalashga qaratilgan turli dasturlarni ishlab chiqish;
— ta’lim muassasalarida tahsil oluvchi yoshlar o‘rtasida ochiq va sifatli ta’lim olishni ta’minlash;
— ilg‘or tajriba almashish hamda ilmiy-innovatsion hamkorlikni rivojlantirish;
— yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish;
— yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish borasida olimpiya, paralimpiya, shuningdek noolimpiya va milliy sport turlarini targ‘ib qilish uchun shart-sharoitlar yaratish;
— ijodiy iste’dodli, iqtidorli va qobiliyatli yoshlarning ijodiy faoliyatini rivojlantirishga ko‘maklashish va har tomonlama qo‘llab-quvvatlash;
— yoshlar o‘rtasida ixtiyoriy (volontyorlik) harakati faoliyatini rag‘batlantirish va targ‘ib qilish;
— Markaziy Osiyo xalqaro ta’lim yoshlar turizmini rivojlantirishga ko‘maklashish va yoshlar auditoriyasi uchun mo‘ljallangan turizm infratuzilmasini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash;
— yoshlarning ijtimoiy zaif guruhlarini, shu jumladan imkoniyati cheklangan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ularni ijtimoiy hayotga moslashtirishga qaratilgan choralar ko‘rish;
— yoshlarning huquq va erkinliklari sohasida faoliyat yuritayotgan xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish.
Shu bilan birga, Bitimda yoshlar ishtirokida ommaviy tadbirlar, loyihalar, yoshlar lagerlari, davlatlararo yoshlar aksiyalari, seminarlar, munozara klublari, davra suhbatlari, yoshlar forumlari va mintaqadagi yoshlar siyosatining dolzarb masalalariga bag‘ishlangan konferensiyalarni tashkil etishga ko‘maklashish masalalari ham o‘z aksini topgan.