Hayotda shunday insonlar bo‘ladiki, xalq dardi, quvonchlariga doimo sherik bo‘lib, yonma-yon yuradilar. Unday insonlar tabiatan xushmuomala, serg‘ayrat bo‘lganliklari uchun ham barcha ularga ergashadi.
Azimjon ota Hakimov ham ana shunday oqko‘ngil, elsevar insonlar toifasidan. Oqoltin tumani “Obod” MFY Keksalar va faxriylar raisi vazifasida faoliyat yuritayotgan bu inson, mahalladoshlarining aytishlariga qaraganda velosipedda kuniga kamida 20 kilometr masofani bosib, 870 ta xonadon holidan galma-gal xabar oladi. Uning nazaridan maktab faoliyati, notinch oilalar, bemorlar, keksa qariyalar, qo‘yingki, barcha mahalladoshlari hayoti chetda qolmaydi. Azim otadan “Mahallangizda kambag‘al oilalar soni nechta?” — deb so‘raganimizda “Mahallamizda kambag‘alning o‘zi yo‘q, chunki hamma o‘zining yashash sharoitini yaxshilab, o‘zini tiklab oldi” dedi.
Azim otaning asli kasbi traktorchilik. Andijon shahridagi Avtoyo‘l texnikumini bitirgandan so‘ng 1977 yilda Andijondan Mirzacho‘lni o‘zlashtirish uchun hayyo-hayt deb ilg‘orlar safida kelganlardan. U yangi yerlar ochish asnosida “Oltoy” traktorida bir kunda 15 gektar yer haydasa, kombaynda bir mavsumda 100 tonnagacha paxta tergan faollar safida edi. Hozir ham mahalla — ko‘ydan ortgan vaqtlarida tinib-tinchigani yo‘q. 13 sotix tashlandiq yerga 400 tup terak ekkan. Undan tashqari, mahalla binosidan 2 ta xona ajratib, biriga mahalla hayoti va faollari aks etgan bannerlar, biriga esa divan-kreslolar qo‘yib, keksalar jamlanib maslahatlashishi, nafaqaga kelganlar dam olishlari uchun alohida joy hozirlab qo‘ygan. Quvonarlisi, “Kitob burchagi” ham tashkil etgan bo‘lib, eng sara kitoblar terib qo‘yilgan. 20 yil traktorchilik qilib, qolgan vaqtini ham dala-dashtga sarflagan otaning ma’rifati, tashabbuskorligini ko‘rib, komil inson bo‘lish uchun olim bo‘lish emas odam bo‘lish kerakligiga yana bir bor amin bo‘ldik. Ayniqsa, yuzida doimo tabassum, o‘zi esa velosipedda g‘izillagancha hali u mahallaga, hali bu mahallaga boradigan otaning hayoti barchaga o‘rnak bo‘lgulik. Aytishadi-ku, agar sen hayotga kulib boqsang, u ham senga kulib boqadi, deb. Azim ota turmush o‘rtog‘i Ma’muraxon aya bilan birga totuvlikda hayot kechirib, to‘rt nafar farzandni el koriga yaraydigan etib tarbiyalashdi. Hozirda 15 nafar nabiralari bor. Oilasini badastir qilgan ota ko‘p vaqtini mahallaga sarflaydi. Ma’mura aya ham faollik borasida cholidan qolishmaydi. “Buvijonlar maktabi” a’zosi. Yosh oilalarga, turmush bo‘sag‘asida turgan qizlarga bor maslahatlarini ayamaydi. Azim otaga, “Yoshlarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish uchun nimalarga e’tibor berasiz? — deb so‘raganimizda “Yoshlar loy, biz esa kulolmiz. Kulol loyni qanday shakllantirsa, ana shunday bo‘ladi. Biz ham ularni to‘g‘ri shakllantirishimiz kerak”, deb faylasufona mulohaza yuritdilar. Azim otaning yelib-yugurishlari albatta davlatimiz tomonidan rag‘batga loyiq topildi. 2023 yil “Mahalla iftixori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Undan tashqari, “Nuroniylar” jamg‘armasi tomonidan 5 marta “Bog‘ishamol”, 3 marta “Navbahor” dam olish sihatgohlariga borishga muyassar bo‘ldi.
—Yurtboshimizning 2022 yil 15 martdagi PQ-167-sonli qarori va ishonchi biz keksalarni zavq va shavq bilan ishlashga, o‘z tajribalarimizni yoshlarga o‘rgatishga undadi, — deydi Azim ota Hakimov.— Prezident qarori chiqqunga qadar biz uyda o‘tirardik. Biz ruhlandik, nafaqat yoshlarga pand-nasihat qilish, balki bog‘dorchilik, tadbirkorlik ishlarida ham ularga bosh-qosh bo‘lmoqdamiz. Aytishadi-ku, “Qari bilganni pari bilmas” deb. Haqiqatan ham bizlarning tajribamiz ko‘p va ular yoshlarga albatta dasturilamal bo‘ladi. Yaqinginada 7 nafar yoshlarni ish bilan ta’minlanishiga ko‘mak berib, 3 ta oilani ajralishdan asrab qoldik. Noyabr oyining o‘zida mahallamiz fuqarolaridan 10 nafari Umra safariga yuborildi. Bularning barchasi hayotimizning kundan-kunga yaxshilanib borayotganidan dalolatdir.
Ha, bejizga “Yaxshidan bog‘, yomondan dog‘ qolar” degan naqlni aytishmagan. Azim ota kabi dono insonlar o‘zlarining dono nasihatlari bilan insonlar hayoti yaxshilanishiga yordam bersa, ham savob, ham barakot bo‘ladi. Zero, yaxshilikning javobi albatta yaxshilik bilan qaytadi.
Xurshida Nishonova