Byudjet tashkilotlarida haftasiga 6 kun ishlaydigan xodimlar uchun may oyining dastlabki 9 kunidan 6 kuni dam olish kunlari bo‘ladi. Ular 1–9 may oralig‘ida faqat uch kun ishga chiqadilar. O‘zbekistonda may oyi boshida ikkita bayram – Ramazon hayiti hamda Xotira va qadrlash kunlari nishonlanadi. Shu bois oy boshida dam olish kunlari sezilarli ko‘p bo‘ladi. 2021 yildan boshlab o‘rnatilgan tartibga binoan, qator bayramlar, xususan Ramazon hayitida ham xodimlar kamida 3 kun dam olishi belgilangan.

Dekabr oyida imzolangan prezident farmoniga asosan, 2022 yilda haftasiga 6 kun ishlaydigan xodimlar uchun 4 va 5 may qo‘shimcha dam olish kunlari deb belgilangan. Bunda Ramazon hayiti 3 mayga to‘g‘ri kelishi taxmin qilingan.

Ramazon oyi 2 aprel kuni boshlangani hisobga olinsa, hayit bayrami Oy chiqishiga qarab 2 yoki 3 mayga to‘g‘ri keladi. Agar Iyd al-Fitr 2 mayga to‘g‘ri kelsa, qo‘shimcha dam olish kunlari bir kun oldinga surilishi mumkin.

2022 yil may oyidagi barcha dam olish kunlari – haftasiga 6 kun ishlaydiganlar uchun*:

  • 1 may, yakshanba – odatiy dam olish kuni
  • 3 may, seshanba – Ramazon hayiti – ishlanmaydigan bayram kuni*
  • 4 may, chorshanba – qo‘shimcha dam olish kuni*
  • 5 may, payshanba – qo‘shimcha dam olish kuni*
  • 8 may, yakshanba – odatiy dam olish kuni
  • 9 may, dushanba – Xotira va qadrlash kuni – ishlanmaydigan bayram kuni
  • 15, 22, 29 may (yakshanba) – odatiy dam olish kunlari

* Ramazon hayiti Oy chiqishiga qarab 2 may yoki 3 may kuni nishonlanadi. Hayit 2 mayga to‘g‘ri kelgan taqdirda, qo‘shimcha dam olish kunlari 3–4 may kunlariga belgilanishi mumkin.

Haftasiga 5 kun ishlovchilar uchun may oyida qo‘shimcha dam olish kuni belgilanmagan. Biroq ular ham 4–5 may kunlari (yoki Hayit sanasiga qarab 3–4 may kunlari) dam olishadi. Aniqrog‘i, 5 kun ishlovchilarning 7 may (shanba) va 14 may (shanba)dagi dam olish kunlari Hayit bayramidan keyingi kunlarga ko‘chiriladi.

2022 yil may oyidagi barcha dam olish kunlari – haftasiga 5 kun ishlaydiganlar uchun*:

  • 1 may, yakshanba – odatiy dam olish kuni
  • 3 may, seshanba – Ramazon hayiti – ishlanmaydigan bayram kuni*
  • 4 may, chorshanba – 7 may, shanbadan ko‘chirilgan dam olish kuni*
  • 5 may, payshanba – 14 may, shanbadan ko‘chirilgan dam olish kuni*
  • 8 may, yakshanba – odatiy dam olish kuni
  • 9 may, dushanba – Xotira va qadrlash kuni – ishlanmaydigan bayram kuni
  • 15 may, yakshanba – odatiy dam olish kuni
  • 21–22 may, shanba-yakshanba – odatiy dam olish kunlari
  • 28–29 may, shanba-yakshanba – odatiy dam olish kunlari

* Ramazon hayiti Oy chiqishiga qarab 2 may yoki 3 may kuni nishonlanadi. Hayit 2 mayga to‘g‘ri kelgan taqdirda, ko‘chirilgan dam olish kunlari 3–4 may kunlariga belgilanishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, byudjet tashkilotlarida qo‘shimcha dam olish kunlari har yilgi mehnat taʼtilining davomiyligini qisqartirish hisobiga qoplanadi.

Manba: Aniq.uz

By admin