Vazirlar Mahkamasining 26-apreldagi tegishli farmoyishi asosida 30-aprel kuni “Mahalla obodligi — yurt farovonligi” shiori ostida umumxalq xayriya hashari o‘tkaziladi, deb xabar beradi O‘zA.

O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi, O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash Nuroniy jamg‘armasi, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirliklari, Yoshlar ishlari agentligi, mahalliy davlat hokimiyati organlari, keng jamoatchilik ushbu hashar g‘oyasining tashabbuskori hisoblanadi.

Hashar davomida mahallalar, aholi turar joylari, guzarlar, xiyobonlar, ziyoratgohlar, mo‘tabar maskanlar, bolalar maydonchalari tartibga keltiriladi. Obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlari yanada faol olib boriladi. Umumxalq xayriya hashari doirasida aholining ehtiyojmand qatlamlari yanada faol qo‘llab-quvvatlanadi.

Farmoyishga ko‘ra, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, akademik F.N.Rusanov nomidagi Toshkent Botanika bog‘i, M.Mirzayev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda belgilangan miqdorda ko‘chat hamda qalamchalar olish istagini bildirgan hududlardagi barcha xo‘jalik tashkilotlariga shartnoma asosida qonunchilikda belgilangan tartibda pul o‘tkazish yo‘li bilan tashkilotlarning ushbu tadbirlar uchun nazarda tutilgan mablag‘lari hisobidan yetkazib berish ta’minlanadi.

Hashar davomida ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlari, ehtiyojmand, ko‘makka muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan keksa va nogironligi bo‘lgan fuqarolarning uy-joylarini yaxshilash va moddiy yordam ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratiladi.

By admin