Boyovut tumani Davlat soliq qo‘mitasi raisiga biriktirilgan bo‘lib, bu yerda amalga oshirilayotgan ishlarning asosiy e’tibori aholining ishsizlik darajasidan chiqarishga qaratilgan. Tumanning 4-sektoriga qarashli mahallalarda 4-sektor mutasaddilari uyma-uy yurish orqali har bir xonadonning ehtiyojlari, takliflarini o‘rganib, ularning daromad topishiga ko‘maklashmoqda. Parranda – yetti xazinaning biri. Xonadonning bir burchagida tovuq boqishni yo‘lga qo‘yib, oila byudjetiga yaxshigina daromad keltirish mumkin.

Parranda boqish uskunasini berish orqali ko‘plab ishsiz aholining bandligi ta’minlanmoqda. Kuni kecha tumanda “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” ga kiritilgan ishsiz fuqarolarning 25 nafariga 500 ta jo‘ja ochishga mo‘ljallangan ixcham inkubatorlar tarqatilib, ular o‘zini-o‘zi band qilish tizimida ro‘yxatga olindi.

– Ishsiz edim, biron kishi shu vaqtgacha mening holimni so‘ramagan edi, – deydi “Shirin” MFYda yashovchi I.Kamolov. – Soliq rahbariyati tashabbusi bilan berilgan inkubatorga endi 500 ta tuxum qo‘yib, o‘z biznesimni boshlayman. Parrandachilikni rivojlantirishni maqsad qildim. Hayotimda endi o‘zgarishlar boshlanishiga, omadli kunlar kelishiga ishonaman. Buning uchun 4-sektor rahbarlaridan minnatdorman. Muxtasar aytganda, parrandachilik har bir oilaning farovonligini ta’minlashga xizmat qiluvchi, bozorlarimiz to‘kinligini ta’minlovchi tarmoq hisoblanadi. Bu boradagi ishlarning eng ahamiyatli tomoni shundaki, daromadsiz oilalarning o‘zlarini o‘nglab olishlariga imkoniyat yaratib berilmoqda.

Shuhrat Suyarov, O‘zA

By admin