Avval xabar berganimizdek, Sirdaryo viloyati Bandlik bosh boshqarmasi tashabbusi bilan, boshqarma rahbariyati hamda tuman-shahar aholi bandligiga ko’maklashish markazlari xodimlari hamkorligida «9 may — Xotira va qadrlash kuni» munosabati bilan viloyatning barcha hududlarida Bandlik sohasi mehnat faxriylari hamda marhum soha vakillari oila a’zolari xonadonlariga borib, ularning holidan xabar olindi, keksalarning duolarini olishdi.

Ayni vaqtda viloyatning barcha shahar, tumanlarida Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan turli tabirlar davom ettirilmoqda. Xususan, mazkur xayrli tadbirlar davomida bugun 8-may kuni Guliston shahrida Bandlik sohasining sirdaryolik marhum xodimlari yodga olinib, ularning yorqin xotirasiga bag’ishlangan — Mehnat organlari xodimlari o’rtasida mini futbol bo’yicha «Jo’ra ota» va «Mavlonqul aka» xotira turniri o’tkazildi. Qizg‘in kurashlar ostida o‘tkazilgan futbol musobaqalari g’oliblari munosib taqdirlandi.

O‘tganlar xotirasini yodda saqlash va ruhlarini shod yetish xalqimiz uchun azal-azaldan muqaddas fazilat hisoblanadi. Muhtaram Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, olijanob fazilatlarni, shukronalik, mehr-oqibat, hamjihatlik kabi ezgu qadriyatlarni targ‘ib etishda nuroniylarning o‘rni beqiyosdir.

Musobaqa yakuniga bag‘ishlangan tadbirda Sirdaryo viloyati Bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i Murodjon Muhammadiyev ishtirok etib, sport yosh tanlamasligi, har birimiz mashg‘ulotlar bilan muntazam shug‘ullanishimiz, ayniqsa, soha xodimlarining turmush tarzini sog‘lomlashtirishda sport muhim ahamiyatga ega ekanligini alohida taʼkidladi.

Xotirasi yodga olinayotgan marhum xodimlarning oila-aʼzolari vakillariga viloyat Bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘ining «Eʼtirof va eʼzoz» minnatdorchilik maktublari hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

Tadbir yakunida o‘tganlarning ruhlarini shod etish maqsadida xayr-ehson dasturxoni yozilib, marhumlar haqqiga fotiha o‘qildi. Fidoyi hamkasblar ruhlarini shod etib qadrlaganlar, alaloqibat o‘zlari ham qadr topajakdir!

Sirdaryo viloyati Bandlik bosh boshqarmasi matbuot xizmati

By admin