AOKAda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi axborot xizmati rahbari Mavjuda Mirzayeva ishtirokida o‘tkazilgan brifingda Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan 2022 yil yanvar-mart oylari davomida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida maʼlumot berildi:

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat vazirligi Davlat mehnat inspeksiya tomonidan mehnat, bandlik va mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha 2022 yilning 3 oyi davomida 5 972 ta korxonalarda nazorat tadbirlari o‘tkazilgan bo‘lib, ushbu tadbirlar davomida 11 315 ta qonun buzilish holatlari aniqlangan, ushbu qonun buzilishlarni bartaraf etish bo‘yicha ish beruvchilarga 1 929 ta yozma ko‘rsatmalar va 936 ta taqdimnomalar kiritildi, 2 483 nafar mansabdor shaxslarga nisbatan 4864,6 mln. so‘m miqdorida maʼmuriy jarimalar qo‘llanildi.

Aniqlangan qonun buzilishlarning 3 626 tasi mehnatni muhofaza qilish va texnika xavfsizligi qoidalariga amal qilmaslik bilan bog‘liq. Jumladan, 629 ta (17 foiz) holatda xodimlar mehnatni muhofaza qilish va texnika xavfsizligi yo‘l yo‘riqlaridan o‘tkazilmasdan ishlashiga ruxsat berilgan, 580 ta (15 foiz) korxonada mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha xodimlarni o‘qitish va bilimlarini tekshirish tashkil etilmagan, 315 ta (8 foiz) holatda mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha chora-tadbirlar va rejalar ishlab chiqilmagan, 200 ta (5,5 foiz) korxonalarda xodimlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmagan, 184 ta (5 foiz) tashkilotda mehnatni muhofaza qilish xizmati tashkil etilmagan, 173 ta (4,7 foiz) holatda xodimlar maxsus kiyimlar bilan taʼminlanmagan, mehnat sharoitlari attestatsiyadan o‘tkazilishi majburiy bo‘lgan 144 ta (3,9 foiz) korxonalar ushbu attestatsiyani o‘tkazmagan.

Mazkur mehnatni muhofaza qilish va texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etilmasligi natijasida baxtsiz hodisalar sodir etilishi va kasb kasalliklari ko‘payib bormoqda.

Jumladan, Respublika bo‘yicha joriy yilning 3 oyi davomida ishlab chiqarishda yuz bergan 132 ta baxtsiz hodisalar belgilangan tartibda maxsus tekshirildi, shulardan 26 tasi (19 foizi) o‘lim bilan tugagan, 97 tasi (73 foizi) oqibati og‘ir va 9 tasi (6,8 foizi) guruxiy baxtsiz hodisalarni tashkil etdi.

Yuz bergan baxtsiz hodisalar natijasida 42 nafar xodim halok bo‘lgan, 104 nafar xodim og‘ir tan jarohati va 4 nafari yengil tan jarohati olgan.

Ushbu baxtsiz hodisalarni maxsus tekshirish jarayonida 776 ta aniqlangan kamchiliklar yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan 115 ta yozma ko‘rsatmalar berildi hamda qonunbuzilishi holatlariga yo‘l qo‘yganligi uchun 110 nafar mansabdor shaxslarga nisbatan 223 mln. so‘mlik maʼmuriy jarimalar qo‘llanildi.

Bundan tashqari, o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida 1 259 tasi ish haqini belgilangan muddatlarda to‘lab bermaslik, 1 027 ta holatda taʼtillar berish tartibiga rioya etmaslik, 657 ta aholini ish bilan taʼminlash to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish, 654 tasi mehnat shartnoma tuzmasdan, norasmiy ravishda xodimlar mehnatidan foydalangan, 352 ta mehnat daftarchalarini yuritish tartibini buzish, 341 ta noqonuniy ishdan bo‘shatish holatlari hamda boshqa turdagi qonun buzilish holatlari aniqlangan.

Qonun buzilishlar sohalar bo‘yicha tahlil qilinganda qonun buzilishlarning eng ko‘p xalq taʼlimi tizimidagi tashkilot va umumtaʼlim maktablari mansabdor shaxslari tomonidan o‘qituvchi va boshqa xodimlarining mehnat huquqlari buzilishi natijasida sodir etilganligi aniqlangan, yaʼni 2 734 ta (45 foizi) holatda xodimlarning mehnat huquqlari buzilgan.

Ikkinchi o‘rinda, yaʼni 1 437 ta (24 foizi) qonun buzilishlar maktabgacha taʼlim tashkilotlarida sodir etilgan, 1 051 ta (17 foizi) qonunbuzilishlar esa qishloq xo‘jaligida, 808 ta (13 foizi) holatda tibbiyot muassasalari xodimlarning huquqlari buzilgan, 732 ta (12 foizi) holatda qurilish sohasida sodir etilgan, 442 ta (7 foizi) oliy va o‘rta maxsus taʼlim muassasalarida sodir etilgan, 221 ta transport sohasida (3,7 foizi), 116 ta (1,9 foizi) bank va moliya muassasalari mansabdor shaxslari tomonidan sodir etilgan.

Ushbu sohalarda doimiy ravishda nazorat tadbirlari o‘tkazilib, taqdimnomalar kiritilishi va aybdor shaxslarga nisbatan keskin choralari ko‘rilishiga qaramasdan xodimlarning mehnat huquqlari buzilishi davom etmoqda.

Xodimlarni buzilgan mehnat huquqlarini tiklash borasida bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan:

— joriy yilning o‘tgan davrida 409 nafar xodimlar noqonuniy ishdan bo‘shatilganligi sababli ishga tiklandi, shundan 184 nafari ayollarni tashkil etadi;

351 nafar fuqarolarni jami 6 mlrd. so‘mdan ortiq miqdordagi ish haqlarini undirish uchun fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga daʼvo arizalar kiritilib, undirib berildi;

10 ta holatda baxtsiz hodisalar tufayli xodimlar yoki ularning oila aʼzolariga 330 mln. so‘mdan ortiq miqdordagi tovon pullari undirib berildi;

— 5 643 nafar fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqilishi natijasida 3 133 ta murojaatlar qanoatlantirildi va 2 211 nafar fuqarolarni buzilgan mehnat huquqlari tiklandi, 2 037 nafar fuqarolarga tegishli maslahat va tushuntirishlar berildi;

— korxona va tashkilotlarda ish vaqtidan tashqari, dam olish va bayram kunlari xodimlarni ishga jalb etishda qonunchilik talablariga rioya etilishini o‘rganish maqsadida 404 ta monitoringlar o‘tkazildi va 115 ta xodimlarning buzilgan mehnat huquqlari tiklandi.

Fuqarolarning huquqiy ongini oshirish, ish beruvchilarga mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarini qo‘llanilishi yuzasidan jami 1 357 ta targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi. Shundan 54 tasi ommaviy axborot vositalari orqali amalga oshirilgan, 127 tasi ijtimoiy tarmoqlar orqali amalga oshirilgan 868 ta ish beruvchilar bilan joylarda seminarlar o‘tkazilgan.

Manba: AOKA

By admin