Bugun, 25-may kuni erta tongdan yurtimizdagi barcha umumtaʼlim maktablarida “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari o‘tkazildi.

Sirdaryo viloyatidagi taʼlim muassasalarida tadbirlarni yuqori saviyada o‘tkazish, bitiruvchilarga oq yo‘l tilash maqsadida har bir maktabda viloyat rahbarlari, deputat, korxona-tashkilotlar masʼullari ishtirokida uchrashuvlar tashkil etildi.

Xususan, Sirdaryo viloyati Bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i Murodjon Muhammadiyev ham o‘zi tahsil olgan Guliston shahridagi 3-sonli umumiy o‘rta taʼlim maktabida o‘tkazilgan “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirida ishtirok etdi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi bilan boshlandi. Shundan so‘ng Murodjon Muhammadiyev tomonidani Prezidentimizning maktab bitiruvchilariga yo‘llagan tabrigi o‘qib eshittirildi. Maktabni bitirayotgan yigit-qizlarni tabriklab, ularning kelgusi o‘qish va ishlariga omad tiladi. Maktab bitiruvchilari ham Muhtaram Prezidentimiz tomonidan bildirilgan yuksak ishonchni oqlab, oliy taʼlim muassasalariga o‘qishga kirib, yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shadigan avlod bo‘lishlariga vaʼda berishdi.

Tadbir so‘nggida viloyat Bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i maktab bitiruvchilariga esdalik sovg‘alarini ulashib, ular bilan samimiy suhbatda bo‘ldi. Shuningdek, maktab bitiruvchilarining kelgusi hayotda o‘z o‘rinlarini topishlarida kitob o‘qish va bilim malakalarini yana-da oshirishlari lozimligi borasida bir soatlik maʼnaviy-maʼrifiy darslarini olib bordi.

Sirdaryo viloyati Bandlik bosh boshqarmasi matbuot xizmati

By admin