Ushbu savolga taniqli huquqshunos va bloger Saidali Muxtoraliyev javob bermoqda;

Ayrimlar mehnat shartnomalarini rasmiylashtirishda xodimga to‘lanadigan ish haqiga oid shartlarni mana bunday qilib belgilaydi: “Xodimga shtatlar jadvaliga asosan ish haqi to‘lanadi”. Yaʼni, summa aniq belgilanmaydi va shtatlar jadvaliga o‘zgarish kiritilishi bilan ish beruvchi xodimning mehnat haqini bir tomonlama o‘zgartirib qo‘yaveradi. Lekin bu unchalik to‘g‘ri bo‘lmagan va xodimlarning mehnat huquqlariga xilof amaliyot, degan bo‘lardim.

Sababi, Mehnat kodeksining 73-moddasi (mehnat shartnomasining mazmuni)ga ko‘ra, mehnat — shartnomasi taraflarining kelishuvi bilan quyidagilar belgilanadi:

— ish joyi (korxona yoki uning bo‘linmasi);
— xodimning mehnat vazifasi — mutaxassisligi, malakasi, u ishlaydigan lavozim;
— ishning boshlanish kuni;
— mehnat shartnomasi muayyan muddatga tuzilganda uning amal qilish muddati;
— mehnat haqi miqdori va mehnatning boshqa shartlari.

Eʼtibor berayotgan bo‘lsangiz, yuqoridagi asoslarga binoan mehnat shartnomasida mehnat haqi miqdori ham albatta ko‘rsatilishi kerak. Qolaversa, Vazirlar Mahkamasining 1997 yil 11 martdagi 133-sonli qarori bilan tasdiqlangan Mehnat shartnomasining namunaviy shakli (10-bandi)da ham, mehnat haqi miqdori to‘lov turi va uning aniq summadagi yoki YATS razryadi ko‘rsatilgan holdagi, yohud tushumdan olingan foizlar shaklida aniq ko‘rsatilishi belgilab qo‘yilgan.

Shunday ekan, xodimlarga to‘lanadigan ish haqi miqdori ular bilan tuziladigan mehnat shartnomasida aniq qilib ko‘rsatilishi kerak. Mabodo, o‘zgartiriladigan bo‘lsa ham, MK 88-modda bo‘yicha, o‘zaro kelishuv asosida, xodimning roziligi bilan o‘zgartiriladi.

By admin