AOKAda o‘tkazilgan brifingda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi axborot xizmati rahbari Ortiqxo‘ja Norov xorijga mehnat migranti sifatida chiquvchilar uchun ayrim maʼlomotlarni taqdim etdi.

2020 yilda pandemiya sababli Koreya Respublikasiga barcha ishchi kuchi yetkazib beruvchi davlatlar qatorida, o‘zbekistonlik mehnat migrantlarining oqimi sezilarli darajada qisqardi. 2021 yil 5 noyabr kuni Koreya Respublikasi maxsus komissiyasining qaroriga asosan chet ellik ishchilarni Koreya davlatiga kirishiga ruxsat berilgach, pandemiya cheklovlari sharoitida fuqarolarni tashkiliy tarzda ishga jo‘natish boshlangan edi.

Ikki davlatdagi epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, hozirgi vaqtda ushbu jarayonlar to‘liq tiklanmoqda.

Shu munosabat bilan, Koreya Respublikasida ishlash istagidagi fuqarolar uchun 2022 yilda koreys tili bo‘yicha EPS-Topik hamda malaka test imtihonlari bo‘lib o‘tishi rejalashtirildi.

Ushbu imtihonlarda ishtirok etish uchun joriy yil 28 aprel kuni labormigration.uz dasturiy majmuasidan 16 601 nafar nomzod ro‘yxatdan o‘tdi.

O‘zbekiston va Koreya Respublikalari Bandlik va mehnat vazirliklari o‘rtasida tuzilgan “Ishchilarni Bandlikka ruxsat berish tizimi asosida Koreya Respublikasiga yuborish to‘g‘risida”gi anglashuv memorandumiga muvofiq, ro‘yxatdan o‘tgan nomzodlar uchun koreys tilidan EPS-Topik test imtihoni 2022 yil 2 iyundan 15 iyulgacha bo‘lib o‘tadi.

Imtihon Toshkent shahri Yangihayot tumani Lutfikor ko‘chasi 33-uyda joylashgan Mehnat organlari xodimlari malakasini oshirish respublika kurslari binosida o‘tkaziladi.

Imtihonda ishtirok etish uchun nomzodlardan qanday hujjat va maʼlumotlar talab etiladi?

Birinchisi, fuqarolik va xorijga chiqish pasporti;

Ikkinchisi, 3,5 x 4,5 hajmdagi oq fonli va rangli 2 dona fotosurat.

Imtihonda ishtirok etuvchi nomzodlar ro‘yxati labormigration.uz dasturiy majmuasida eʼlon qilingan.

Shu bilan birga, imtihonda ishtirok etuvchi nomzodlarni ogohlantirib o‘tamiz.

1. Fuqarolik hamda xorijga chiqish pasportini olib kelmagan nomzodlar imtihonga kiritilmaydi.

2. Fuqarolar imtihonga belgilangan vaqtdan 1 soat oldin ko‘rsatilgan manzilga yetib kelishi va ro‘yxatdan o‘tishi lozim.

3. Belgilangan sana va vaqtidan kech qolgan fuqarolar imtihonga kiritilmaydi.

4. Koreya Respublikasining Inson resurslarini rivojlantirish xizmati shartlariga ko‘ra, EPS-Topik UBT test imtihonlari takror yoki qayta appelyatsiya tarzida o‘tkazilmaydi.

5. Test imtihonida elektron vositalar, xususan, mobil telefon, elektron soat, shpargalka kabilardan foydalanish qatʼiyan man etiladi.

6. Koreya Respublikasining Inson resurslarini rivojlantirish xizmati talablariga muvofiq, EPS-Topik UBT test imtihoni qoidalarini buzgan fuqarolar 3 yil davomida test imtihonida qatnashish imkoniyatidan mahrum bo‘ladi.

EPS-Topik UBT yangi tartibda joriy qilingan bo‘lib, bunda imtihonni yana-da shaffof o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Imtihon vaqtidagi har bir nojo‘ya harakatlar kamera orqali aniqlanib boriladi.

Test imtihoni chet el vakillari ishtirokida o‘tkazilishini inobatga olingan holda imtihon jarayonida navbatga rioya qilish, tartibli bo‘lish, shovqin qilmay, boshqa fuqarolar manfaatiga putur yetkazmasdan ishtirok etish so‘raladi.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi test imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan fuqarolarni Koreya Respublikasida mehnat faoliyatini amalga oshirishini kafolatlamaydi.

Muammo va kamchiliklar yuzaga kelganda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga 71 202-33-55 telefon raqami orqali murojaat qilishingiz mumkin.

Navbatdagi savol, Germaniyaga ishga ketish imkoniyatlari haqida maʼlumot bersangiz?

Tashqi mehnat migratsiyasi geografiyasini kengaytirish maqsadida qator rivojlangan davlatlarning vakolatli tashkilotlari va salohiyatli ish beruvchilari bilan kelishuvlarga erishilmoqda.

Shu jumladan, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Germaniyaning bir nechta ish beruvchi tashkilotlari o‘rtasidagi kelishuvlarga ko‘ra, hozirgi vaqtda tibbiyot, mehmonxona biznesi, turizm, logistika kabi sohalarda bo‘sh ish o‘rinlari taklif etilmoqda.

Nemis tilini V1 yoki V2 darajada biladigan hamda sohada tajribaga ega fuqarolar murojaat qilishlari mumkin.

Taʼkidlash joiz, yuqoridagi ish o‘rinlari uchun nomzodlarni ketishdan avval chet tili va kasbiy tayyorlash imkoniyatlari ham mavjud.

Navbatdagi savol, Angliyada ishlash bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda eʼlonlarga ko‘zimiz tushyapti, shu to‘g‘rimi?

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Angliyaning “Pro-Force” tashkiloti o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq, ushbu davlatda mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlaridagi bo‘sh ish o‘rinlari uchun joriy yil 24 may kuni 4000 dan ortiq yurtdoshlarimiz onlayn ro‘yxatdan o‘tgan.

Yaqin kunlarda ro‘yxatdan o‘tgan nomzodlar bilan “Pro-Force” tashkiloti vakillari tomonidan onlayn tanlovlar o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.

Manba: AOKA

By admin