Bu haqda Xalq deputatlari Guliston tumani Kengashining tegishli qarori imzolanib, “E-Qaror”ga joylashtirilgan:

Kengash qarori bilan, tuman Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi rahbari Furqat Asilbekovning “Tumanda joriy yil 6 oyida yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini taʼminlash bo‘yicha olib borilgan ishlari to‘g‘risida”gi hisoboti maʼlumot uchun qabul qilinib, tuman hokimining o‘rinbosarlari hamda tuman Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi direktori zimmasiga qator topshiriq va vazifalar yuklatilgan.

Xususan, yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha berilgan rejalarni o‘z vaqtida bajarish, hududlarda yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha sohalar bo‘yicha uchrayotgan muammolarni o‘z vaqtida aniqlab bartaraf etib borish, hududiy va tarmoq investisiya loyihalarining ishga tushirilishini, tadbirkorlikni rivojlantirish hisobiga yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha belgilangan prognoz ko‘rsatkichlarning bajarilishini taʼminlash, aholi o‘rtasida o‘zini-o‘zi ish bilan band qilish yo‘nalishida mahallalarda bandlikka doir maʼlumotlarni berib borish hamda tushuntirish ishlarini tashkil etish, investisiya loyihalari doirasida yaratiladigan yangi ish o‘rinlariga birinchi navbatda “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan mehnatga layoqatli, ishsiz fuqarolarni ishga joylashtirib, ularning bandligini taʼminlash vazifalari shular jumlasidan sanaladi.

Shuningdek, ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Xalq deputatlari tuman Kengashining Mahalliy byudjet, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, investitsiyalar va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi M.Mamadaliyev va tuman hokimining birinchi o‘rinbosari B.Botirov zimmalariga yuklatilgan.

Sirdaryo viloyati Bandlik bosh boshqarmasi matbuot xizmati

By admin