Sayyoramizda bir qator global muammolar borki, bular sirasiga bevosita odam savdosi singari transmilliy jinoyatlarni ham kiritish mumkin. Yildan-yilga bu illatdan jabr chekayotganlar, uning qurboni bo‘layotganlar soni ortib bormoqda. Hudud va chegara bilmaydigan bu jinoyatning har biri jamiyat taraqqiyoti va davlatlar rivojiga jiddiy xavf tug‘dirmoqda. Odam savdosidek og‘ir jinoyat inson hayoti, erkinligi va huquqlarini poymol qilib, uning erki, taqdiri va kelajagini oyoq osti qilishi bilan naqadar jirkanch ko‘rinishga ega.

Insoniyat tarixida odam savdosiga qarshi kurashish XIX asr oxiri va XX asr boshlarida xotin-qizlarning Yevropadan Amerika va Shimoliy Afrika qit’alariga keng ko‘lamli migratsiyasi hamda ayollarni Yevropaga sotish hodisasi kuzatilgan. Bu hodisaga barham berish maqsadida Parijda 1902 va 1910 yillarda ikkita konferensiya o‘tkazilib, «Oq qullar savdosiga qarshi kurash» nomli butunjahon Konvensiyasi qabul qilingan.

Keyinroq ushbu konvensiya «Ayollar va bolalar savdosini yo‘qotish» va «Voyaga yetgan ayollar savdosini yo‘qotish» nomli butunjahon Konvensiyalari bilan to‘ldirilgan. Odam savdosi muammosiga qarshi kurashishning keyingi tarixiy jarayonlari sekin-asta rivojlanib, 1948 yilda «Inson huquqlari» umumjahon Deklaratsiyasi qabul qilingan. Shundan so‘ng «Inson huquqlarining Yevropa Konvensiyasi», «Qullik xususida»gi Konvensiya, «Qullikni yo‘qotish amaliyoti to‘g‘risida»gi qo‘shimcha Konvensiya, «Bola huquqlari to‘g‘risida»gi Konvensiya, «Ayollarga qarshi diskriminatsiyaning har qanday ko‘rinishlariga qarshi kurash to‘g‘risida»gi Konvensiyalar qabul qilinib, dunyoning ko‘plab mamlakatlarida qo‘llanila boshlandi.

2013 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan 30 iyul – Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni deb e’lon qilingan. Ayni paytda transmilliy uyushgan jinoyatchilikning uzviy tarkibiy qismi bo‘lgan bu turdagi jinoyat dunyo miqyosida keng tarqalmoqda. BMT va Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot mutaxassislarining tahliliy xulosalariga ko‘ra, undan jabr ko‘rganlar soni bir necha millionlarini tashkil qilmoqda. Tashvishlanarlisi, odam savdosi jinoyatidan jabrlanganlarning asosiy qismini ayollar va bolalar tashkil qilmoqda.

Bugungi kunda dolzarb masalalardan biri bo‘lgan odam savdosining oldini olish va unga qarshi kurashish borasida yurtimizda ham qator chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda. Shu bilan birga, odam savdosi transmilliy, ya’ni hudud va chegara tanlamaydigan jinoyat ekanligi hisobga olinib, davlatimiz 2003 yil 12 dekabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1950 yilda qabul qilingan «Odam savdosi va fohishalikning uchinchi shaxslar tomonidan ishlatilishiga qarshi kurash to‘g‘risida»gi Konvensiyaga qo‘shildi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2000 yil 15 noyabrdagi rezolyutsiyasi bilan qabul qilingan «Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash to‘g‘risida»gi Konvensiya, shuningdek, odam savdosi, ayniqsa, ayollar va bolalarni sotishning oldini olish, unga chek qo‘yish va buning uchun jazolash to‘g‘risidagi qo‘shimcha protokol ham ratifikatsiya qilindi.

Shuningdek, mustaqillik yillarida xorijiy davlatlar bilan uyushgan jinoyatchilik, shu jumladan, odam savdosining xavfli ko‘rinishlariga qarshi kurash haqida bir qator shartnoma va kelishuvlar imzolandi.

O‘zbekiston Respublikasining 2008 yilning 17 aprelidagi «Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi Qonuni qabul qilingan. Qonunga muvofiq, odam savdosiga qarshi kurashish odam savdosining oldini olish, uni aniqlash, unga chek qo‘yish, uning oqibatlarini minimallashtirish, odam savdosidan jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha faoliyatni o‘z ichiga oladi.

Sirdaryo viloyati Bandlik bosh boshqarmasi va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Sirdaryo mintaqaviy filiali xorijga ishga chiquvchi fuqarolarni ogohlikka chaqiradi!

Odam savdosi ishga yollashdan boshlanadi, bunda yolg‘on vaʼdalarga ishongan shaxs, o‘z ixtiyori bilan biror bir ishga rozi bo‘ladi.

Agar xorijga ishga taklif qilishsa, ular quyidagilar kabi Sizni aldashmoqchi bo‘lishsa, ishonmang:

1) Qanday ishlashingiz aniq aytilmasa…

2) Malaka talab etilmaydigan ish uchun Sizga yuqori maosh vaʼda qilishsa…

3) Sizga yo‘l xarajatlari, turar joy, ishga joylashish va viza masalalaridagi harajatlarni qoplab berish kabi ko‘plab vaʼdalar berishsa…

4) Sizni ishlaydigan joyingiz nomini va uning manzilini aniq aytishmasa…

Chet elga chiqmoqchi bo‘lganlar uchun quyidagilarni tavsiya qilamiz:

Hech kimga va hech qachon ishonmang!

Xorijda ishga yollovchilar o‘zlari yaqinlaringizni tanishi yoki qarindoshi deb tanishtiradilar, biron mahalladoshingiz bilan yaqin munosabatda ekanligini aytib, Siz bilan ham mahalladosh ekanligini aytadilar, har kimga ham ishonmang!

Faqatgina, qonuniy litsenziyaga ega mehnat agentliklariga ishoning!

Aegntlik faoliyati haqida to‘liq maʼlumot oling!

Chipta xarid qilish va safarga chiqishdan avval:

— Sizni qayerga ishga taklif qilishayotganinin aniqlang.

— Ish beruvchining manzili va lokatsiyasi (joylashgan joyi) bo‘yicha aniq maʼlumot oling.

— Oila aʼzolaringizga ish beruvchi va telefon raqamlari haqida batafsil maʼlumot qoldiring.

Qonunga rioya qiling! Mehnat shartnomasini tuzishni talab qiling!

Mehnat shartnomasida ish beruvchi bilan kelishilgan barcha shartlar ko‘rsatib o‘tilganligiga ishonch hosil qiling. Chet elda faqatgina ish vizasi bilan ishlay olishingizni yodda tuting!

Agarda kelishuv og‘zaki bo‘lsa, ish beruvchidan tilxat talab qiling yoki kelishuv jarayonlarini diktafonga yozib oling va oilangizga yuborib qo‘ying.

Sirdaryo viloyati Bandlik bosh boshqarmasining ishonch telefon raqami: +99871-2211002

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Sirdaryo mintaqaviy filialiishonch telefon raqami: +99867-2255559

Sirdaryo viloyati Bandlik bosh boshqarmasi matbuot xizmati

By admin