Birgina Sardoba tumanida joriy yil paxta yig‘im-terimi mavsumida 20,0 mingga yaqin terimchi qatnashishi rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 600 nafari qo‘shni viloyatlardan jalb qilinishi inobatga olinib, sig‘imi 70 dan 220 nafargacha bo‘lgan jami 3 ta yotoq joylari tayyorlanmoqda.

Yotoq joylar dala shiyponlari va fermer xo‘jaliklari tasarrufidagi binolar hamda palatkalar yordamida tiklangan «Hasharchilar shaharchasi»da tashkil etildi. 200 kishiga mo‘ljallangan shaharchada hasharchilar yashashi va hordiq chiqarishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Xususan, u yerda yotoqxona, dam olish xonasi, ovqatlanish uchun stol stullar, tibbiyot, maʼnaviyat xonalari, issiq suvli dush, hojatxona va boshqa sharoitlar mavjud. Palatkali yotoqxonalarda yangi choyshab, ko‘rpa-yostiq, yumshoq o‘rindiqlargacha jihozlab qo‘yilgan.

Paxta terimida qatnashish hamda qo‘shimcha daromad olishni maqsad qilgan fuqarolarimiz hududiy Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari, xususiy bandlik agentliklariga murojaat qilishlari hamda vazirlikning @terimuzbot telegram kanali, www.terim.uz sayti orqali ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati ham yaratilgan.

Shuningdek, paxta davrida yollanma terimchilar hamda paxta-to‘qimachilik klasterlari yoki fermer xo‘jaligi o‘rtasida fuqarolik huquqiy shartnoma yoki mehnat shartnomasi tuzilishi kerak.

Sirdaryo viloyati Bandlik bosh boshqarmasi matbuot xizmati

By admin