O‘zbekiston Respublikasi Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunning 25-moddasida ish beruvchi barcha yangi ishga kirayotgan, shuningdek boshqa ishga o‘tkazilayotgan xodimlar uchun mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha yo‘l-yo‘riqlar berishi, ishlarni bajarishning xavfsiz uslublari va usullarini hamda baxtsiz hodisalardan jabrlanganlarga yordam ko‘rsatishga o‘qitishni tashkil etishi shart ekanligi belgilangan.

Shu bois, “Paxtani qo‘lda terishda terimchilar uchun mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha namunaviy yo‘riqnoma” ishlab chiqildi.

Mazkur namunaviy yo‘riqnoma paxtachilik sohasidagi klasterlar va fermer xo‘jaliklari tomonidan terimchilar uchun yanada qo‘lay va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish nuqtayi nazaridan qayta ko‘rib chiqilib, tasdiqlanishi, shuningdek, har bir terimchi ushbu yo‘riqnoma talablari bilan tanishtirilgan bo‘lishi va tanishganligi haqida jurnalga qayd qilingan bo‘lishi lozim.

Paxtani qo‘lda terishda terimchilar uchun mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha namunaviy yo‘riqnoma

Mazkur namunaviy yo‘riqnoma O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2000 yil 7 yanvarda 870-sonli raqam bilan ro‘yxatga olingan “Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha yo‘riqnomalarni ishlab chiqish to‘g‘risida”gi nizom talablariga asosan ishlab chiqilgan hamda paxtani qo‘lda terishda terimchilar (keyingi o‘rinlarda – terimchilar) uchun mo‘ljallangan.

Umumiy xavfsizlik talablari

  1. Paxtani qo‘lda terish ishlariga 18 yoshdan kichik bo‘lmagan hamda jismoniy sog‘lom shaxslar qo‘yiladi.

2.Terimchilar xavfsiz ishlash usullari bo‘yicha mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha yo‘riqnoma talablari bilan tanishtirilgan bo‘lishi va tanishganligi haqida jurnalga qayd qilinishi lozim.

Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha belgilangan tartibda yo‘l-yo‘riqlar olmagan terimchilarni ishga qo‘yish taqiqlanadi.

3.G‘o‘za bargini to‘kishi uchun kimyoviy ishlov berilgan maydonga terimchilar uchun kamida 10 kun muddat o‘tgandan keyin kirishga ruxsat etiladi.

  1. Ish beruvchi terimchilarni maxsus kiyim-bosh va fartuk bilan bepul ta’minlashi kerak.
  2. Terimchilar uchun quyidagilar:

-terimchilar g‘o‘za ichida, paxta g‘arami ustida va dalaning boshqa moslashtirilmagan hududlarida dam olish (uxlash)lari;

– terimchilar paxta dalasida ochiq olovdan foydalanishi, sigareta chekishi hamda boshqa yong‘inga sabab bo‘luvchi vositalardan foydalanishlari;

-terimchilarning paxta terilayotgan maydonda harakatlanayotgan mexanizmlarning oldiga yaqinlashishi, uning yo‘nalishiga chiqishlari;

-terimchilarning paxta ortilgan tirkamalarga chiqishi yoki harakatlanayotgan tirkamalarga osilishlari;

-ariq (zovur)  va boshqa suv havzalarida cho‘milishlari taqiqlanadi.

6.Yuklarni ko‘tarish va tashishda bir kishi uchun:

– 18 yoshdan oshgan ayollar uchun – 9 kg dan;

– 18 yoshdan oshgan erkaklar uchun – 30 dan oshmasligi kerak.

  1. Terimchilarni paxta dalasiga olib chiqish va olib kelishdan oldin hududning (guruhning) rahbari yo‘qlama qilishi va ularga ishlarni xavfsiz bajarish bo‘yicha to‘liq tushuntirish, yo‘l-yo‘riqlar berishi lozim.
  2. Terimchilar orasida kasal yoki vaqtincha ish qobiliyatini yo‘qotganlar tibbiyot xodimi nazoratidan o‘tadi va ularning sog‘liklari to‘la tiklanguncha dam olish joylarida qoldiriladi.
  3. Terim olib boriladigan paxta dalasi yashash joyidan 3 km masofadan uzoqda joylashgan bo‘lsa, maxsus transport vositasi ajratilishi kerak.
  4. Terimchilar paxta dalasiga borish va qaytib kelishda faqat kunning yorug‘ paytida amalga oshirilib, terimchilar piyoda harakatlanganlarida yo‘ldagi transport vositasining qatnoviga xalaqit bermaslik maqsadida saf bo‘lib yurishlari lozim.
  5. Terimchilar saf bo‘lib harakatlanishda harakat xavfsizligini ta’minlash va boshqarish maqsadida safning boshida hamda oxirida qizil bayroqchali boshqaruvchilar qo‘yilishi lozim.

12.Terimchilar transport vositasidan tushganlarida, yo‘lni kesib o‘tishlari hududning (guruhning) rahbari boshchiligida, transport vositasining orqa tomonidan tashkil qilinishi lozim.

13.Transport vositasida terimchilarning transport vositasi oynasi hamda boshqa joylaridan qo‘l, bosh va boshqa a’zolarini chiqarishlari taqiqlanadi.

14.Terimchilarni yarim tirkamalarga chiqishiga ruxsat etilmaydi.

15.Terimchilarga paxta dalasiga borishda avtotransport vositalarining kuzov bortlari bilan barobar yoki baland joylashgan yuklar ustiga chiqib olishlariga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ish boshlashdan oldin xavfsizlik talablari

  1. Ish boshlashdan oldin quyidagilar:

-terimchilar paxta terish ishlarini bajarishdan oldin belgilagan tartibda maxsus kiyim-bosh va terilayotgan paxtani yig‘ib borish uchun fartuk bilan ta’minlangan bo‘lishi;

-paxta terish ishlariga jalb qilingan terimchilar hududning (guruhning) rahbari ruxsati bilan uning ko‘rsatmasiga asosan ish boshlashlari;

-terimchilar paxta terish vaqtida bir-birlaridan kamida 1,5-2 m masofada joylashishlari;

-terimchilar kunning yorug‘ vaqtida ishlashlari lozim.

 

Ish vaqtida xavfsizlik talablari

  1. 17. Terimchilar paxta terishni boshlashdan oldin kiyimlarini ko‘zdan kechirishi, kiyimlarni tugmalari qadalganligini va fartuklarni bog‘ichlarini tekshirib ko‘rishi, nosozligi aniqlangan holatda darhol rahbarga xabar berishi va uni almashtirishi lozim.
  2. 18. Terimchilar paxta terayotgan hududlarda harakatlanayotgan mexanizmlardan kamida 10 m uzoqlikda ishlashlari lozim. Bunda mexanizm harakatlanayotgan yo‘nalishda terimchilarning ishlashiga yoki yaqiniga borishga umuman yo‘l qo‘yilmaydi.
  3. 19. Terimchilar paxta terayotgan hududda zovur va kanallar bo‘lsa, ularning yaqiniga borish taqiqlanadi.
  4. 20. Terimchilarning paxta terayotgan hududlardagi elektr qurilmalariga yaqinlashishi taqiqlanadi.
  5. Terimchilar terilgan paxtani topshirishlari uchun olib borishda ayollar uchun 9 kgdan ortiq yuk ko‘tarishlariga yo‘l qo‘yilmadi.
  6. Terimchilar dalada chang, to‘zon, qattiq shamol, yog‘ingarchilik ro‘y berganda ishni to‘xtatish va pana joyga o‘tishlari lozim.

23.Terimichilar (ayollar) sochi bosh kiyimiga, ro‘mol yoki uchburchak ro‘molcha tagiga yig‘ishtirilgan bo‘lishi zarur.

24.Poyabzal oyog‘ida mustahkam turishi, poyabzal ipi bog‘lash uchun qulay kalta bo‘lishi kerak.

25.Paxta maydonlari defoliatsiya qilinib, g‘o‘za barglari tukilgandan keyin paxtani terishda terimchilar yuzlari va og‘iz atorflarini qo‘li bilan ushlamasliklari va imkon qadar qo‘llarini yuvib turishlari lozim.

  1. Har qanday holatda xam terimchilarga ochiq suv havzalaridan suv ichishlariga yo‘l qo‘yilmaydi.

27.Tushlik qilishdan oldin qo‘llarni sovun bilan yuvish lozim.

Noxush holatlarida xavfsizlik talablari

  1. Ob-havo sharoitlari o‘zgarganda (10 m balandlikda shamol tezligining 10 m/s dan yuqori kuchayishi, momaqaldiroq, kuchli yomg‘irlar vaqtida terim ishlarini to‘xtatish va bu haqda hududning (guruhning) rahbariga xabar berish zarur.
  2. Atrofdagi terimchilardan biri o‘zini noqulay yoki yomon his qilsa hududning (guruhning) rahbariga xabar berish va birinchi yordam ko‘rsatish choralarini ko‘rishi lozim.

Ish yakunlanganidan so‘ng xavfsizlik talablari

  1. Ish yakuniga yetgach, terimchilar quyidagilarga amal qilishlari shart:

– maxsus kiyim-bosh, terilayotgan paxtani yig‘ib borish uchun fartuklarni qoqishlari va ularga har xil narsalarni yopishib qolganligini ko‘zdan kechirish lozim;

– terimchilar uylariga yoki tashkil qilingan vaqtinchalik yashash manziliga mazkur yo‘riqnomaning ish vaqtidagi xavfsizlik talablarida belgilangan tegishli talablarga rioya qilgan holda borishlari shart.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Axborot xizmati

By admin