Xovos tumanidagi «Zamon teks» paxta to‘qimachilik klasteri bugungi kunda ilg‘or texnologiyalarni qishloq xo‘jaligi va sanoatga keng tatbiq etmoqda. Klaster joriy yilda tumandagi fermer xo‘jaliklari bilan paxta yetishtirish bo‘yicha shartnomalar tuzgan bo‘lib, mazkur klaster tomonidan bunyod etilgan qiymati 25 milliard so‘m bo‘lgan paxtani qayta ishlash korxonasi foydalanishga topshirildi. Ishchi-xodimlar, fermerlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgan majmuaning ochilish marosimi katta shodiyonaga aylandi. Klaster homiyligi asosida tumandagi kam taʼminlangan va ijtimoiy muhofazaga muhtoj oilalarning 17 nafar farzandi uchun xatna to‘ylari ham tashkil qilindi.

Marosimda viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzayev so‘zga chiqib, O‘zbekistoning yangi taraqqiyot davrida klasterlarning o‘rni muhim ekanligini taʼkidlab, muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan boshlangan islohotlar dastlabki samaralarini berayotganligini aytib o‘tdi. Xususan, mazkur paxtachilik klasteri innovatsion texnologiya va ishlanmalarni amalga tatbiq etib, yangi ish o‘rinlarini tashkil etayotgani, yengil sanoatda esa qo‘shimcha qiymat zanjirini yaratayotgani eʼtirof etildi.

2021 yilda qurilishi boshlangan korxona bir kunda 200 tonna paxtani qayta ishlash quvvatiga ega. Bu yerda 120 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

— Kelgusida korxona tarkibida qiymati 23,4 million AQSH dollariga teng ip kalava ishlab chiqarish, shuningdek, 9,3 million AQSH dollarilik mato (sochiq) ishlab chiqarish va bo‘yoqlash loyihalari ham amalga oshiriladi, — deydi klaster rahbari Oybek Po‘latov. — Ayni vaqtda bino-inshootlar qurib bitkazilgan.

Qayd etilishicha, mazkur loyihalar 2023 yilning oxiriga qadar ishga tushiriladi. Buning natijasida 1 500 nafar aholi doimiy ish o‘rniga ega bo‘ladi. Mahsulotlarning 60 foizini eksportga yo‘naltirish rejalashtirilgan.

Sirdaryo viloyati hokimligi Axborot xizmati

By admin