Guliston tumani dalalarida paxta yig‘im-terimi qizg‘in pallaga kirdi. Jumladan, “Sohilobod” mahallasida ham terim jarayonlari uyushqoqlik bilan olib borilmoqda. Joriy yilda tumandagi 329 ta paxta-g‘alla fermer xo‘jaligi hamda “Guliston Sayqali tekstil” klaster korxonasi tomonidan 8 ming gektar maydonda g‘o‘za parvarishlanib, mo‘l hosil yaratildi. Ayni kunda tuman paxtakorlari belgilangan 26 ming 827 tonna paxta xirmonini yaratish uchun astoydil mehnat qilmoqda.

«Har kuni 150-160 kg paxta terayapmiz, kunora paxta terimi pullarini berib turishibdi, barcha sharoitlar yaratilgan: issiq ovqat bilan ham taʼminlanganmiz. Oilamizga yordam bo‘lmoqda», — deydi ilg‘or terimchilardan biri Hafiza Eliboyeva.

Bu kabi eʼtibor va rag‘bat, terim pullarining o‘z vaqtida berib borilishi, ilg‘orlarni moddiy hamda maʼnaviy rag‘batlantirish, madaniy-maʼrifiy tadbirlarni o‘tkazish terimchilarni faollikka, fidoyilikka undamoqda. Hafiza Eliboyeva kabi ilg‘or terimchilar kuniga 100 kilogramdan 160-200 kilogrammgacha paxta terib, oqoltin xirmonining yuksalishiga munosib hissa qo‘shmoqda. Shuningdek, tuman Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi xodimlari tomonidan terimchilarga mehnat qonunchiligiga oid huquqiy tushunchalar ham berib borilmoqda.

Guliston tumani hokimligi Axborot xizmati

By admin