Shirin shahri va Boyovut tumani hududidagi 85 gektar maydonda Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi tomonidan 100 foiz toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar hisobiga umumiy qiymati 1,2 milliard dollar va quvvati 1500 MVt boʻlgan yangi issiqlik elektr stansiyasi barpo etilmoqda.

Mazkur loyiha eng zamonaviy va murakkab texnologiyalarni oʻz ichiga olib, Oʻzbekistondagi birinchi yirik mustaqil elektr energiyasi loyiha hisoblanadi. Qurilish ishlarini oʻz vaqtida yakunlashda turli funksiyalarni bajarish uchun yuqori malakali va tajribali xodimlarni talab qiladi. Hozirda mahalliy ishchilardan tashqari, Xitoy, Turkiya, Misr, Hindiston, Pokiston, Buyuk Britaniya, Filippin, Ispaniya va boshqa mamlakatlardan malakali mutaxassislar jalb etilgan.

Yaqinda stansiyaga Yaponiyaning “Mitsubishi” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan 525 tonnalik dunyodagi eng zamonaviy va energiya tejamkor gaz turbinasi olib kelindi. Loyihani amalga oshirishning galdagi bosqichlariga maxsus malakaga ega tajribali mutaxassislarga ehtiyoj seziladi.

Viloyat Bandlik Bosh boshqarmasi boshligʻi Murod Muhammadiyev va boshqarmaning Davlat mehnat inspeksiyasi boshligʻi oʻrinbosari Muhammadi Abdurahmonov “ACWA Power Sirdaryo” MCHJ masʼullari bilan uchrashdi.

Uchrashuv davomida amalga oshirilayotgan loyiha samaradorligi, qurilish ishlarini jadallashtirish uchun xodim va ishchi kuchini jalb qilish, shuningdek, maxsus malaka va tajribaga ega xorijiy mutaxassislarni olib kelish masalasida hamkorlikni yanada mustahkamlashga kelishib olindi. Buning natijasida yurtimizga zamonaviy texnologiyalarni olib kelib, ulardan foydalanishda mahalliy kadrlarni tayyorlash imkoniyati kengayadi.

By admin