Davlatimiz rahbari topshirigʻiga koʻra Toshkent viloyatining Oqqoʻrgʻon tumani tajribasi asosida aholi bilan muloqotning yangi tizimi Sirdaryo viloyatida ogʻir hudud, deb topilgan Sardoba tumanida joriy etilib, viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Akmaljon Maxmudaliyev boshchiligida viloyat korxona va tashkilotlari rahbarlaridan iborat ishchi guruh hududda xonadonbay oʻrganish olib borildi.

Oʻrganishlar davomida bandlik sohasi boʻyicha 576 ta murojaat kelib tushgan edi.

Murojaatlarni hal etish va aholi bandligini taʼminlash borasida olib borilayotgan ishlarning samaradorligini yanada oshirish maqsadida bugun – 28-dekabr kuni viloyat Xalq qabulxonasi tashabbusi bilan viloyat hamda tuman hokimligi hamda viloyat Bandlik Bosh boshqarmasi hamkorligida tumandagi “Sardoba Oqsaroy textil” korxonasida boʻsh ish oʻrinlari “Mehnat yarmarkasi” tashkil etildi.

Unda tumandagi ish beruvchilardan tashqari geografik jihatdan yaqin boʻlgan tuman, shaharlardan ham jami 30 dan ortiq korxona, tashkilotlar 2500 ga yaqin ish oʻrinlari bilan qatnashdi. Shuningdek, Guliston “Ishga marhamat” monomarkazi va kasb-hunarga oʻqitish markazlarida yoʻlga qoʻyilgan oʻquv-kurslari tanishtirildi hamda oʻqish tartibi va tinglovchilarga yaratilgan qulayliklar haqida batafsil maʼlumot berildi.

“Mehnat yarmarkasi”da 1000 ga yaqin fuqaro ishtirok etib, 246 nafarining bandlik masalasi koʻrib chiqildi. Shundan 33 nafar fuqaro Toshkent shahridagi “Texnopark” MCHJga, 40 nafari jamoat ishlariga, yana 25 nafari “Sardoba Oqsaroy textil” korxonasiga ishga qabul qilindi. Bundan tashqari, 30 nafar fuqaro kasb-hunar oʻrganishi uchun monomarkazga jalb qilindi hamda 10 nafar fuqaroga ishsizlik nafaqasi tayinlandi. Maslahat soʻrab murojaat qilgan 108 nafar fuqaroga mutaxassislar tomonidan huquqiy maslahatlar berildi.

Oʻtkazilgan tadbir natijasida 128 nafar fuqaroning real bandligi taʼminlandi.

By admin