Har qanday jamiyatning taraaqiyotini belgilab beradigan omillardan biri, bu – ishsizlikning barham topishi hisoblanadi. Sirdaryo viloyatida bandlik tizimida 2022-yil davomida 220 ming 800 nafar fuqaro doimiy va vaqtinchalik ishlarga jalb etildi. Oʻtgan yil mobaynida aholi bandligini taʼminlash, xodimlarning huquqiy manfaatlarini himoya qilish kabi muhim yoʻnalishlarda viloyat Bandlik Bosh boshqarmasi hamda tasarrufiy tashkilotlar tomonidan amalga oshirilgan ishlar, muammolar va ularni bartaraf etish yuzasidan koʻrilayotgan choralar, istiqboldagi rejalarni keng ommaga yetkazish maqsadida matbuot anjumani oʻtkazildi.

Viloyat Bandlik bosh boshqarmasi boshligʻi va boshliq oʻrinbosarlari, boshqarma boʻlim mudirlari va tuman-shahar Aholi bandligiga koʻmaklashish markazlari, viloyat Davlat mehnat inspeksiyasi, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining viloyat filiali hamda vazirlik tasarrufidagi Guliston “Ishga marhamat” monomarkazi, Sayxunobod, Oqoltin, Xovos kasb-hunarga oʻqitish markazlari rahbarlari hamda OAV vakillari, jurnalistlar va ijtimoiy tarmoq faollari hamda viloyatdagi boshqarmalar, tashkilotlar, muassalar, idoralar axborot xizmatlari xodimlari ishtirok etgan anjumanda boshqarma boshligʻi Murod Muhammadiyev viloyatda miqyosida 2022-yilda erishilgan natijalar boʻyicha maʼlumot berdi.

Taʼkidlanganidek, mehnat bozoridagi tendensiyadan kelib chiqib, tuman (shahar) aholi bandligiga koʻmaklashish markazlari tomonidan 2022-yil davomida 40,6 ming ish bilan band boʻlmagan shaxslarga bandlik xizmatlari koʻrsatildi. Buning uchun Bandlikka koʻmaklashish va Jamoat ishlari jamgʻarmalaridan 18,3 mlrd.soʻmga yaqin mablagʻ ajratildi.

Tuman (shahar) Aholi bandligiga koʻmaklashish markazlari tomonidan 15,8 ming nafar (jami xizmat koʻrsatilganlarga nisbatan 39,1%) ishsiz, shuningdek, chet eldan qaytib kelgan fuqarolarni mavjud boʻsh ish oʻrinlariga ishga joylashishiga koʻmaklashildi. Ishga joylashishga koʻmaklashilgan shaxslarning 7,7 ming nafari (48,7 %) ayollar, 5,9 ming nafari (37,3 %) yoshlarni tashkil etadi. Shuningdek, ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun band qilib qoʻyilgan ish oʻrinlariga 2022-yilda 1,6 ming nafar ehtiyojmand shaxslarni ishga joylashishiga koʻmaklashildi.

Notiq maʼruzasida sohada yechimini kutayotgan ogʻriqli nuqtalarga ham toʻxtalib oʻtdi. Yaʼni, oʻrta taʼlim yoʻnalishida hamshiralik kabi bir qancha kasblarda haddan ziyod kadrlar tayyorlanib, bugungi kunda aksariyati ish topa olmayapti.

Oʻz navbatida bu borada joylarda faoliyat yuritayotgan kasb-hunarga oʻqitish markazlari koʻmagida bosqichma-bosqich hal etilayotir.

Mehnat organlari yoʻllanmalari asosida vazirlik tasaruffidagi Guliston “Ishga marhamat” monomarkazi, Oqoltin, Xovos, Sayhnobod kasb-hunarga oʻqitish markazlari, mahallalardagi maskanlari hamda Guliston qurilish sohasidagi malakali mutaxassislarni tayyorlash markaziga 6,3 ming nafar (shundan, yoshlar 3,2ming, ayollar 4,5ming) ish bilan band boʻlmagan fuqarolar kasb-hunarga, tadbirkorlik koʻnikmalariga oʻqitishga jalb etildi. Ularning stipendiya va oʻquv xarajatlari uchun Bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasidan 5,7 mlrd.soʻm mablagʻ sarflandi. Shuningdek, ishsiz fuqarolarni moddiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida 11,6 ming nafar ishsizlarga 3,2 mlrd.soʻm ishsizlik nafaqasi moliyalashtirib berildi.

Keyingi yillarda hukumatimiz va xorijiy davlatlar oʻrtasida har tomonlama hamkorlik yaxshilanishi natijasida fuqarolarimiz uchun bir qator rivojlangan mamlakatlarda qonuniy ishlash imkoniyati yaratilmoqda. Buning uchun esa xohlovchilardan chet tillarini bilish talab etiladi. Shu sababli ham oʻquv markazlarida rus, yapon, koreys, ingliz, turk, nemis va boshqa tillarda oʻquv kurslari tashkil etilgan. 2022-yil davomida xorijda ishlash istagida boʻlgan 2 651 nafar fuqarolarning 2 259 nafari kasb-hunarga va 171 nafari chet tillariga oʻqitilgan boʻlsa, 1 103 nafar, shundan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan 467 nafar fuqarolar chet elga ishga joylashtirildi.

Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan, 2022-yil davomida jami 1 968 ta korxona va tashkilotlarda mehnat qonunchiligi va mehnat muhofazasi yuzasidan tekshirildi, tekshirishlar davomida 33 606 ta qonunbuzilish holatlari aniqlandi.

Ushbu qonunbuzilishlarni bartaraf etish boʻyicha 1 534 ta yozma koʻrsatma, 878 ta taqdimnomalar kiritilib, 403 nafar mansabdor shaxslarga nisbatan 652,8 ming.soʻm maʼmuriy jarima qoʻllanildi.

Mehnat muhofazasi va buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan 1535 nafar fuqarolarning murojaatlari koʻrib chiqildi. Shundan 1012 ta murojaatlar qanoatlantirilgan va 1 483 nafar fuqarolarning buzilgan mehnat huquqlari tiklangan.

Tadbirda OAV vakillari majburiy mehnat va uning oqibatlari, chetda ishlayotgan vatandoshlarimizga yaratilgan sharoitlar va ularni qoʻllab-quvvatlash borasida koʻrilayotgan choralar, kasanachilik bilan shugʻullanish tartibi kabi koʻplab savollariga masʼullardan atroflicha javob oldilar.

By admin