Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-dekabrdagi “Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 269-PF-son Farmoniga muvofiq, 2023-yil 1-yanvardan boshlab respublika davlat boshqaruvi organlarining roʻyhati tasdiqlandi.

Farmonning 16-bandi 6-xatboshiga asosan, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Adliya vazirligi bilan hamkorlikda respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari tuzilmasida tashkil etilishi majburiy boʻlgan boʻlinma va lavozimlar roʻyxati, ularga boʻlgan mezonlar hamda rahbar va ijrochi xodimlar oʻrtasidagi nisbat boʻyicha meʼyorlari belgilanishi nazarda tutuvchi qaror loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritish belgilangan.

Yuqoridagilarni inobatga olib hamda aholiga davlat xizmatlarini koʻrsatish tizimining uzluksizligini taʼminlash maqsadida:

a) respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining cheklangan sonini tasdiqlash toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari qabul qilingunga qadar:

tugatilayotgan respublika davlat boshqaruvi organlariga qarashli viloyat boshqarmalari xodimlariga amaldagi Mehnat kodeksining 100-moddasi ikkinchi qismi 1-bandi, 102-moddasiga asosan mehnat shartnomalarini bekor qilish toʻgʻrisida ogohlantirish xatlari beriladi;

qayta tashkil etilgan hamda tashkiliy boʻysunuvi oʻzgartirilgan respublika davlat boshqaruvi organlari xodimlari bilan mehnat munosabatlari davom etaveradi.

b) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarorlari qabul qilingandan soʻng:

qayta tashkil etilgan hamda tashkiliy boʻysunuvi oʻzgartirilgan davlat boshqaruvi organlarining yangi tashkil etilgan davlat boshqaruvi organiga shtat birliklari oʻtayotgan xodimlar bilan mehnat shartnomalari Mehnat kodeksining 98-moddasiga muvofiq davom etaveradi, boshqa ishga oʻtkazish qonunchilikda belgilangan tartibda xodimning roziligi bilan amalga oshiriladi;

shtat birliklari qisqartirilgan xodimlarga Mehnat kodeksining 100-moddasi ikkinchi qismi 1-bandiga muvofiq ogohlantirish xatlari beriladi.

Mehnat kodeksining 102-moddasiga muvofiq xodimlar bilan ish beruvchining kelishuviga binoan ogohlantirish uning muddatiga muvofiq keladigan pullik kompensatsiya bilan almashtirilishi mumkin.

Mehnat kodeksining 103-moddasida texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi oʻzgarishlar, xodimlar soni (shtati) yoki ishlar xususiyatining oʻzgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqarishi munosabati bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganda ishda qoldirish uchun beriladigan imtiyozli huquqlar qayd etilgan.

Texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi oʻzgarishlar, xodimlar soni (shtati) yoki ish xususiyatining oʻzgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqarishi munosabati bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganda ishda qoldirish uchun imtiyozli huquq malakasi va mehnat unumdorligi yuqoriroq boʻlgan xodimlarga beriladi.

Malakasi va mehnat unumdorligi bir xil boʻlgan taqdirda quyidagilarga afzallik beriladi:

1) qaramogʻida ikki yoki undan ortiq kishi boʻlgan xodimlarga;

2) oilasida undan boʻlak mustaqil ish haqi oluvchi boʻlmagan shaxslarga;

3) mazkur korxonada koʻp yillik ish stajiga ega boʻlgan xodimlarga;

4) ishlab chiqarishdan ajralmagan holda oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar oʻquv yurtlarida tegishli mutaxassislik boʻyicha malakasini oshirayotgan xodimlarga va ishlab chiqarishdan ajralgan holda oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar oʻquv yurtlarini tamomlagan shaxslarga oʻqishni tugatgandan soʻng mutaxassisligi boʻyicha ishlayotgan taqdirda ikki yil mobaynida;

5) mazkur korxonada mehnatda mayib boʻlib qolgan yoki kasb kasalligini orttirgan shaxslarga;

6) urush nogironlari, urush qatnashchilari va ularga tenglashtirilgan shaxslarga;

7) atom obyektlaridagi falokatlar oqibatida kelib chiqqan oshirilgan radiatsiya nurlanishi bilan bogʻliq nurlanish kasalligi va boshqa kasalliklarga yoʻliqqan yoki shunday kasalliklarni boshidan kechirgan shaxslarga; nogironligi atom obyektlaridagi falokatlar munosabati bilan boshlanganligi aniqlangan nogironlarga; ana shunday falokatlar va halokatlar oqibatlarini bartaraf etish ishlari qatnashchilariga, shuningdek mazkur zonalardan evakuatsiya qilingan yoki koʻchirilgan shaxslarga hamda ularga tenglashtirilgan boshqa shaxslarga.

Jamoa shartnomasida xodimlarni ishda qoldirishda afzallik beriladigan boshqa holatlar nazarda tutilishi mumkin. Bu holatlar, agar xodimlar ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlariga muvofiq ishda qoldirishda afzallik huquqiga ega boʻlmagan taqdirdagina, inobatga olinadi.

Ushbu jarayon davom etayotgan vaqtda xodimlarning kafolatlangan mehnat huquqlarini himoya qilish maqsadida Sirdaryo viloyati Bandlik Bosh boshqarmasi Davlat mehnat inspeksiyasi oʻz vakolati doirasida joylarda bu borada tushuntirish ishlarini olib bormoqda.

Yuqoridagilarni inobatga olib, ish beruvchilar va xodimlar oʻrtasida kelib chiqishi mumkin boʻlgan muammolarni hal qilish maqsadida Bosh boshqarma Davlat mehnat inspeksiyasiga murojaat etishingiz  mumkinligini  eʼtiboringizga maʼlum qilamiz.

Sirdaryo viloyati Bandlik Bosh boshqarmasi rahbariyati

By admin