Viloyat hokimi Akmaljon Maxmudaliyev Koreya-O‘zbekiston Biznes assosiatsiyasi raisi birinchi o‘rinbosari Kim Chang Keon hamrohligida viloyatimizga kelgan Koreyaning «Evervolution SO., LTD» kompaniyasi rahbari Jung Tayegunni qabul qildi.

Uchrashuvda hamkorlikda amalga oshirilishi ko‘zda tutilayotgan yangi investision loyihalar muhokama qilindi.

Kompaniya tomonidan Mirzaobod tumanida o‘zlashtirilmagan 280 gektar yer maydonda Koreya tajribasi asosida zamonaviy intensiv anor bog‘i barpo etish hamda Guliston shahri Shodlik mahallasida to‘rt yulduzli mehmonxona qurish loyihasi ishlab chiqilgan. Sarmoyador buning uchun 10 mln dollardan ziyod mablag‘ yo‘naltirishni rejalashtirmoqda. loyiha natijasi bilan bir qancha ishsiz aholi bandligi ta’minlanadi.

Viloyat hokimi bugungi kunda qishloq xo‘jaligi va xizmatlar sohasini rivojlantirishga yangicha yondashuvlarni joriy etish ustuvor maqsad ekanini qayd etib, taklif etilayotgan loyihalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishini bildirdi.

Muzokaralar yakunida kelishuv memorandumi imzolandi. Loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha belgilangan tartibda ish tashkil etilishiga kelishib olindi.

Bugunning o‘zida «Evervolution SO., LTD» kompaniyasi ta’sischiligida «Evervolution» MCHJ xorijiy korxonasi viloyatimizda davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Qo‘shimcha ravishda aytish kerak, Sirdaryo viloyati delegatsiyasining 2023 yil dekabr oyida Koreyaga tashrifi davomida yuqorida qayd etilgan loyihalar bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishilgandi.

By admin