Bugungi kunga qadar mahallalarda xonadonman-xonadon o‘tkazilgan xatlov davomida vaqtincha ishlash va o‘qish maqsadida xorijda bo‘lib turgan 4 ming 973 nafar yoshlarning balansi shakllantirilgan. Ular bilan muntazam onlayn shaklda aloqa yo‘lga qo‘yildi. Shu tariqa muammo va takliflar o‘rganilib, 385 nafari migratsiyadan qaytarildi va 342 nafarini bandligi ta’minlandi.
Bu boradagi ishlarni uzviy davom ettirish maqsadida viloyat hokimi Akmaljon Maxmudaliev chet elda ishlayotgan va tahsil olayotgan sirdaryolik yoshlar bilan videokonferens aloqa orqali muloqot o‘tkazdi.
Muloqot juda samimiy va konstruktiv ruhda o‘tdi. Yoshlar o‘z fikr va takliflarini bildirib, ularni amalga oshirilishida faol ishtirok etishga tayyorligini aytishdi. Hokim esa har qanday tashabbusni inobatga olishi va qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.