Sirdaryo tumanida bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi o‘tkazildi. Tumandagi 40 ta korxona, tashkilot va muassasa 600 dan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari bilan qatnashgan tadbirda hududdagi 350 ga yaqin ish izlayotgan fuqaro ishtirok etdi.
Ishtirokchilar taqdim etilgan bo‘sh ish o‘rinlari bilan tanishib, ish jarayoni, xodimlarga yaratilgan shart-sharoitlar bo‘yicha ma’lumot oldilar.
Yarmarka davomida 17 nafar ishtirokchining hujjatlari tumandagi turli maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qabul qilindi. Shuningdek, “Baxt teks farm” MChJga 5 nafar, “Mega lyuks” MChJga 6 nafar va “Peng-Sheng” O‘zbekiston-Xitoy QKsiga 3 nafar fuqaroga ishga joylashishlari uchun yo‘llanmalar berilgan bo‘lsa, kasbga o‘qitish, qayta o‘qitish kurslariga 5 nafar talabgor qamrab olindi.
Bundan tashqari, tadbirkorlikni boshlash uchun banklardan kredit olish, xorijda mavsumiy ishlash tartibi va mehnat qonunchiligi bo‘yicha berilgan savollarga mutaxassislar tomonidan huquqiy maslahatlar berildi.