Tizim tasarrufidagi o‘quv muassasalari xodimlari, Sizlarni va siz orqali ta’lim sohasining barcha vakillarini 1-oktyabr – Ustoz va murabbiylar kuni, kasb bayramingiz bilan chindildan, samimiy muborakbod etaman.
Yurtimizda bayramlar ko‘p. Ular ichida mazkur sanani o‘zgacha shukuh bilan kutib olamiz. Sababi sizlar sababli hayotda o‘z o‘rnimizni topganmiz, xalqimizning yorqin kelajagiga sizlarning sa’y-harakatingiz bilan erishamiz.
Shu o‘rinda tizimimizda faoliyat yuritayotgan monomarkazlar, kasb-hunarga o‘qitish markazlari xodimlarining mehnatlarini alohida e’tirof etish lozim. Birgina joriy yilda sizlarning ko‘magingiz bilan 5 ming nafardan ziyod fuqaro kasb-hunar va xorijiy tillarga o‘qitilgan bo‘lsa, hozirda ularning 90 foizdan ortig‘i turli sohalarda mehnat qilishmoqda. Bu esa shuncha oila daromadli bo‘lib, farovon turmush kechirayapti, degani.
Albatta, bunday natijalarga erishishda va yangi yutuqlarga yetishish uchun yaratilayotgan shart-sharoitlardan unumli foydalanishimiz kerak. Foydalanyapmiz ham. Sardoba tumanida ish boshlagan “Ishga marhamat” monomarkazi tumandagi talabgorlarga kasb-hunar o‘rgatibgina qolmay, Jizzax viloyatidan ham tinglovchilarni qabul qilishni boshladi.
Yana bir quvonarli jihat, muassasalarda zamonga mos ravishda mehnat bozori talabidan kelib chiqib, yangi yo‘nalishlarda o‘quvlar tashkil etilmoqda. Jumladan, surdo tarjimonligi, baliqchilik, qozonxona operatori kabi yo‘nalishlarda ta’lim berilayapti. Endilikda mahallalarda tashkil etilayotgan maskanlarni yanada kengaytirish va ta’lim sifatini yuqori saviyaga olib chiqishimiz zarur.
Yana shuni alohida ta’kidlash kerak-ki, vazirlik tomonidan kadrlar malakasini oshirishga qaratilayotgan e’tibor ko‘zlagan maqsadlarimizni qo‘lga kiritishimizga imkon bermoqda. Fikrimning dalili sifatida Guliston “Ishga marhamat” monomarkazi Avtosevis xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ta’lim ustasi Erkin Yarlakapov Xitoy Xalq Respublikasida, shuningdek, “Santexnika” yo‘nalishi o‘qituvchisi G‘ayrat O‘ljaev va Oqoltin kasb-hunarga o‘qitish markazi rahbar o‘rinbosari Shavkat Burxiev Koreya davlatida tajriba almashib, malakalarini oshirib kelanlarini faxr bilan aytish mumkin. Tajriba almashish bardavom bo‘ladi, albatta. Bularning barchasi zamon bilan hamnafas bo‘lib, sohalardagi yangiliklardan boxabar bo‘lish va hayotga tatdiq etishga zamin yaratmoqda.
Shu o‘rinda ustozlarimiz hamda tinglovchilar nafaqat respublikamizda, balki turli xalqaro tanlovlarda ham faol ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritishmoqda. Jumladan, Guliston “Ishga marhamat” monomarkazi tinglovchisi Gulhayo Bo‘riboeva sartaroshlar o‘rtasida «WorldSkills Uzbekistan – 2023» O‘zbekiston Respublikasi chempionatida g‘olib bo‘lib, Fransiyaning Lion shahrida bo‘lib o‘tadigan “Worldskills Fransiya – 2024” Jahon chempionatiga yo‘llanmaga ega bo‘ldi.
Hurmatli, ustozlar, murabbiylar, ta’lim sohasi vakillari, Sizlarni kasb bayramingiz bilan yana bir bor tabriklar ekanman, sog‘lik-salomatlik, oilaviy xotirjamlik, mashaqqatli va sharafli mehnatlaringda muvaffaqiyat tilayman.