Muhtaram Yurtboshimizning tashabbuslari va g‘oyalari asosida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar, jumladan, “Sayxunobod tajribasi” nafaqat viloyatimiz balki Respublikamizning ham iqtisodiy o‘sishiga xizmat qilmoqda.
Tajriba asosida erishilayotgan natijalarni keng ommaga yetkazish maqsadida tashkil etilgan press-tur ishtirokchilari “Sayxunobod tumani “Farovon” kichik sanoat zonasi”da yo‘lga qo‘yilgan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyati bilan tanishtirildi.
– Bizning “Durdona”, “Marjon”, “G‘alaba-104”, “Navro‘z” kabi moshlarimizning sifati ham, mazasi ham yaxshi, – deydi “JINQUIUWANG” MChJ moshni qayta ishlash korxonasi ijrochi direktori Umid Karimov. – Korxonamizning loyiha qiymati 2 million dollar bo‘lib, barcha texnologiyalarimiz Xitoydan keltirilgan. Uskunalarimiz O‘zbekistondagi eng katta va so‘nggi rusumdagi lazer uskunalaridir. Bir kunda 150-200 tonna moshni qayta ishlash barobarida rangiga, tozaligiga, katta-kichikligiga qarab qadoqlaydi. Korxonamizda 60 nafar yangi ish o‘rni yaratishni reja qilganmiz. Hozirda aholidan har kilogram moshni 11 000 so‘mgacha narxda sotib olyapmiz.
Shu o‘rinda “AS-UN YEM” MChJ tomonidan tashkil etilgan yem ishlab chiqarish korxonasi ham diqqatga sazovor. Bu korxona tomonidan 10 million dollar investisiya kiritilgan bo‘lib, kelgusida 100 nafar yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan. O‘z navbatida Turkiya uskunalari asosida faoliyat olib borishga mo‘ljallangan korxona kelajakda 20 million dollarlik mahsulotlarni eksport qilishni rejalashtirgan.
– “SAYXUN BARAKA” MChJ 2017-yilda o‘z faoliyatini boshlagan, – deydi korxona ish boshqaruvchisi G‘anisher Nixolov. – O‘sha vaqtda 60 tonna bug‘doyni qayta ishlashga mo‘ljallangan korxona qurilgan edi. Prezidentimizning tashabbuslari va tadbirkorlarga ko‘rsatayotgan e’tiborlaridan ruhlanib, 2019-yilda 120 tonna bug‘doyni qayta ishlashga mo‘ljallangan uskunalarni o‘rnatdik. Bundan tashqari, 60 tonna sholini qayta ishlaydigan uskunalarimiz ham bor. 2025-yil mart oyidan boshlab 200 tonna bug‘doyni qayta ishlashga mo‘ljallangan uskunalarimiz ham ishga tushadi. 100 ga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratishni niyat qilganmiz. Davlatimiz tomonidan bizga ko‘rsatilayotgan e’tiborga biz ham “labbay” deya javob berishga harakat qilmoqdamiz.
Ishbilarmonlarning bunday ishonchi xalqimiz farovonligi va yurtimizni yanada taraqqiy etishi uchun yetarli asos bo‘la oladi. Buning uchun esa bizda barcha imkoniyatlar mavjud.