Mamlakatimizda davlat va jamiyat boshqaruvining turli sohalarida korrupsiyaning oldini olish hamda unga qarshi kurashish borasida keskin va murosasiz kurash olib borishga jiddiy kirishildi. Shunga qaramay, mazkur illat davlatning ayrim sohalarida uchrayotganligi mamlakatimizning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy jabhalarida amalga oshirilayotgan islohotlarga albatta o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatib kelmoqda. Korrupsiya nafaqat mamlakatga moddiy yo‘qotish olib keladi, balki tadbirkorlik rivojiga, qonun ustuvorligini shakllantirishga to‘sqinlik qiladi, jamiyatda ijtimoiy keskinlikni, bandlik tizimiga ishonchsizlikni keltirib chiqaradi.
Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Davlat tizimini ichidan yemiradigan, ijtimoiy barqarorlik kushandasi bo‘lgan korrupsiya balosiga qarshi, byurokratiyaning har qanday ko‘rinishlariga, odamlarni mensimaslik, mahalliychilik va guruhbozlik illatlariga qarshi barchamiz keskin kurash olib borishimiz kerak”, deya alohida ta’kidlaganlari uning naqadar xavfli illat ekanligini ko‘rsatadi. Korrupsiya va poraxo‘rlik jamiyat barqarorligining muhim asosi bo‘lgan adolatning yo‘qolishiga olib keladi. Mamlakatimiz mustahkamligi, xalqimiz farovonligi, yurtning rivoji va gullab yashnashini, obod bo‘lishini istagan har bir fuqaro pora olish va berish illatidan xalos bo‘lishi, bir so‘z bilan aytganda “halollik vaksinasi” bilan emlanishi kerakdir.
Bugungi kunda ayrim hokim yordamchilari va tizimda faoliyat yuritayotgan baʼzi nopok xodimlar oʻz manfaatlarini davlat va jamiyat manfaatlaridan ustun qo‘yib, kredit olishda, budjet mablagʻlarining maqsadli taqsimlanishida, afsuski, qonunga zid ishlarga aralashib qolayotganliklarining guvohi boʻlyapmiz. Xalqimiz “Qingʻir ishning qiyigʻi qirq yilda ham chiqadi”, deb bejiz aytmagan. Sodir etilgan har qanday korrupsiyaviy jinoyat albatta, oshkor boʻladi. Shuning uchun, yana bir karra ogohlantirimanki, har qanday jinoyat uchun jazo muqarrar. Buni har bir davlat xizmatchisi vijdonan his qilishi, ota-onasi, farzandlari va akasingillarining gʻururi va sha’nini koʻz oldiga keltirishlari kerak.
Davlat xizmatchisi – bu oddiy xodim emas, u davlat topshirigʻi va manfaatlari boʻyicha uning nomidan harakat qiluvchi shaxsdir. Shunday ekan, davlat xizmatchisi degan yuksak va sharafli nomga dogʻ tushirmaslik uchun eng avvalo, halol boʻlishimiz, oldimizga qoʻyilgan vazifalarni vijdonan, vatanparvarlik tuygʻusini toʻliq his etgan holda bajarishimiz lozim. Ish faoliyatimizda korrupsiyaning har qanday koʻrinishiga murosasiz munosabatda boʻlaylik, xalqimizga halol va sadoqat bilan xizmat qilishni asosiy burchimiz va vazifamiz, deb bilaylik. Faoliyatimizni qaytadan xolis tahlil qilib, vazirlik oldiga qoʻyilgan ustuvor vazifalarni shaxsiy manfaatimizdan ustun qoʻygan holda sidqidildan bajarishga barcha kuch va salohiyatimizni safarbar etaylik.
Davlatimiz rahbari tomonidan “Taraqqiyot strategiyasi”da belgilab berilgan maqsadlar, shuningdek,kambag‘allikni qisqartirish va bandlik tizimi oldiga qo‘yilgan vazifa va topshiriqlar ijrosini soʻzsiz va ogʻishmay bajarilishini taʼminlaylik.
Korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘lida birlashaylik!
☎Murojaatlar uchun ishonch raqami: (77) 337-10-51