Yoshlar va ayollar bandligini ta’minlash bugungi kunning eng muhim va dolzarb vazifalaridan biriga aylangan. Boisi, hozirgi davr ularga zarur daromad manbai yaratish, kasb-hunarga o‘qitish, biznesni boshlashga ko‘maklashish kabi masalalarni hal etish, bu borada jiddiy choralar ko‘rishni taqozo etmoqda.

Albatta, davlatimiz rahbari yoshlarni va ayollarni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan zamonaviy kasb-hunarlarga o‘rgatish, ularda tadbirkorlik ko‘nikmalari va mehnatsevarlik fazilatlarini shakllantirish masalasiga bejiz qayta-qayta to‘xtalayotgani yo‘q. Chunki bugun yurtimizda aholining qariyb 55 foizini yoshlar tashkil etadi. Shu bois, bugun yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, ularni biznes bilan shug‘ullanishga faol jalb qilish mahallalardagi hokim yordamchilarining asosiy vazifasiga aylangan. Bugungi kunda hokim yordamchilari ko‘magi bilan bir guruh ishsiz fuqarolar tomonidan dexqon xo‘jaliklari tashkil etilmoqda.

Xususan, Mirzaobod tumani “Navro‘z” mahallasiga biriktirilgan hokim yordamchisi Nuriddin Abdurazzokovning tashabbusi bilan, mahallada istiqomat qiluvchi 11 nafar fuqaroga auksion orqali 5.5 gektar maydoni 10 yil muddatga dexqon xo‘jaligini tashkil etish uchun ajratilib berildi.

— Endi «Yoshlar daftari» va «Ayollar daftari» ro‘yxatiga olingan fuqarolar dehqonchilik qilib, mo‘l hosil olish harakatida ishlaydi, oilasi daromadiga o‘z hissasini qo‘shadi, — deydi N.Abdurazzoqov. — Ularga ekin-tekin qilishlari uchun sabzavot va poliz mahsulotlari urug‘lari yetkazib beriladigan bo‘ldi. Endilikda bandligi ta’minlangan dehqonlar vaqtdan unumli foydalanib, ko‘proq mehnat qilish, daromad olish imkoniga ega bo’lishdi.

Sirdaryo viloyati Bandlik bosh boshqarmasi matbuot xizmati

By admin

Fikr bildirish