Ayni paytda mamlakatimizda aholi bandligini ta’minlash, shu orqali kambag‘allikni kamaytirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Bu borada Sayxunobod tumanida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar ham fuqarolarimiz turmush tarzini farovonlashtirishga, odamlarni bugunidan rozi qilishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Bunda ayniqsa, aholining dardi tinglanib, hududlardagi ijtimoiy muhitni o‘rganish asnosida tegishli choralar qo‘llanilayotgani katta samara bermoqda.

— Sayxunobod tumanida jami 3908 nafar ishsiz fuqarolar mavjud bo‘lib, shundan 1854 nafarini ayollar tashkil etadi, — deydi Sayxunobod tumani aholini bandlikka ko‘maklashish markazi direktori Ulug‘bek Djonzokov. — Hozirgi kunda Guliston «Ishga marhamat» Monomarkazi va o‘quv markazlarida jami 74 nafar ishsiz fuqarolar turli yo‘nalishlar bo‘yicha o‘qitilmoqda. Tuman aholi bandlikka ko‘maklashish markazi tomonidan 2022 yilda jami 40 nafar ishsiz fuqarolarga subsidiya mablag‘lari ajratilib berildi.

Tuman miqyosida bugungi kunda hamkor tashkilotlar bilan ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, bandligini ta’minlash ishlari tizimli yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, Sirdaryo viloyati Bandlik bosh boshqarmasi rahbariyati tomonidan o‘tkazilib kelinayotgan sayyor qabullar hamda kelib tushayotgan murojaat natijasida mahallalarda ishsiz fuqarolarning muammolarini o‘rganish va ularni hal qilish borasida hududiy ishchi guruh tuzilib, jami 50 nafardan ortiq ishsiz fuqarolarning muammolari o‘rganildi. Dastlabki bosqichda ishsiz xotin-qizlar masalasini hal etish ustuvor vazifa etib belgandi. Endilikda qolgan o‘rganish natijalari bo‘yicha ham hal qiluv ishlari yakuniga yetkaziladi.

— Mahallalarda olib borilayotgan o‘rganish ishlarimiz natijasida oilaviy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish niyatini bildirib, bizdan yordam so‘raganlarga amaliy yordam berilmoqda. Yaqinda viloyat Bandlik bosh boshqarmasi tomonidan ayrim xotin-qizlarga bepul tikuv mashinalari olib berildi, — deydi Ulug‘bek Djonzokov. — Yaqinda tumandagi «Turon» mahallasida yashovchi fuqaro Yaxshiboy Xanimovga beton qoruvchi moslama, «Yangi hayot» mahallasida yashovchi fuqaro Feruza Xasanovaga hamda «Gulbuloq» mahallasida yashovchi fuqaro Dilfuza Eshqulovaga tikuv mashinkalari olib berildi.

Bu kabi xayrli ishlar mamlakatimizda kam ta’minlangan, nogiron, boquvchisini yo‘qotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, ishsiz fuqarolarni shu jumladan, xotin-qizlar bandligini ta’minlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Bu esa mana shunday maqsadli ishlarda o‘z aksini topmoqda.

Sirdaryo viloyati Bandlik bosh boshqarmasi matbuot xizmati

By admin

Fikr bildirish