Shavkat Mirziyoyev raisligida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Yig‘ilishda prezident mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun ochilayotgan yangi imkoniyatlarni qayd etdi, deyiladi “Daryo” xabarida.

“So‘nggi besh yilda qishloq xo‘jaligi sohasidagi islohotlarimiz samarasini berib, Cotton Campaign kuni kecha O‘zbekistonni qora ro‘yxatidan chiqardi. Bu ham biz uchun juda katta imkoniyat, yangi bozorlar degani.

Buning hisobiga iste’mol mahsulotlarining xomashyosini olib kelib, ularni qayta ishlash orqali qo‘shimcha 1,5 milliard dollarlik mahsulotni bemalol eksport qilsa bo‘ladi”, — dedi davlat rahbari.

Shu bois xomashyoni olib kelib, tayyor mahsulot chiqargan va uni chetga sotadigan (bojxona hududida qayta ishlovchi) korxonalarga apreldan boshlab;

— eksportchilar uchun berilayotgan barcha imtiyozlar tatbiq etiladi;
— loyihalari doirasida texnik-iqtisodiy asos, mahsulot sertifikati, bojxona to‘lovlari ta’minoti talab etilmaydi;
— ruxsatnoma berish muddati 3 barobar qisqaradi, 1 yil davomida ishlab kelayotganlariga ruxsatnoma har bir kontraktiga emas, balki korxona faoliyatiga beriladi;
— olib kelgan dastgohlari uchun bojxona bojlari undirilmaydi.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yil 10-mart kuni Cotton Campaign xalqaro koalitsiyasi O‘zbekiston paxtasiga e’lon qilingan global boykotni bekor qildi.

By admin

Fikr bildirish