Elektrotexnika sanoatida kadrlar tayyorlash tizimida yangicha yondashuvlar va yoshlarni kasbga o‘qitish chora-tadbirlari

Elektrotexnika yo‘nalishida 2021 yilda mamlakatimizda umumiy qiymati 152 million dollarlik yangi ishlab chiqarish loyihalari ishga tushgan bo‘lsa, buning natijasida 3200 ortiq yangi ish joylari yaratildi. Bu o‘z navbatida ishlab chiqarishga yuqori bilimli, muhandis-texnologlar, loyihalovchi dasturlash mutaxassislari, avtomatik boshqaruv bilan ishlaydigan zamonaviy IT (AyTi) mutaxassis kadrlarga bo‘lgan talab katta ekanligini ko‘rsatmoqda.

2025 yilga kelib qo‘shimcha ishchi kasblarga bo‘lgan ehtiyoj 18 ming nafarga yetadi. Shundan, 14 ming nafari o‘rta maʼlumotga ega mutaxassislar hisoblanadi.

Yangi O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasida ham sohaga malakali mutaxassis-kadrlarni yetkazib berishning yangicha tizimini yo‘lga qo‘yish ustida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Germaniyaning Siemens Energy kompaniyasi bilan ko‘pgina mamlakatlarda o‘z samarasini bergan «Dual taʼlim» dasturini ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha tajribalar o‘rganilmoqda. Shuningdek, umumtaʼlim maktablarining yuqori sinf o‘quvchilari uchun elektrotexnika sohasi bo‘yicha maxsus to‘garak mashg‘ulotlari, ularda bu kasbga bolalikdan mehr uyg‘otish maqsadida elektrotexnika sohasidagi korxonalarga “sanoat turizmi” tashkil etilmoqda.

Shu bilan birga, mamlakatimizning eng chekka Nukus va Xorazm, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida faoliyat olib borayotgan korxonalarda ishlab chiqarish yo‘nalishidagi mutaxassislarga talab yuqoriligi bois, o‘sha hududlarda tashkil qilinayotgan “Ishga marhamat” monomarkazlarida payvandlovchi, elektrik, elektromontyor, operator, elektromexanik, maishiy texnikalarga xizmat ko‘rsatuvchi ustalarni tayyorlash bo‘yicha maxsus o‘qishlar tashkil qilinmoqda. Bu markazlarga korxona talabidan kelib chiqib, o‘qish istagini bildirgan yoshlar kasbga o‘qitilmoqda.

Shu bilan birga, korxonalar ham o‘z salohiyati va imkoniyatidan kelib chiqib, ishlab chiqarish uchun mustaqil kadrlar tayyorlash siyosatini amalga oshirmoqda. Mana yaqinda “Nostandart” (Namangan viloyati) korxonamizda xuddi shunday kasbga o‘qitish markazi tashkil qilindi. Bu yerda tokar, frezirovkachi, konstruktor, chilangar, metall quyuvchi kabi mutaxassisliklarda kadrlar tayyorlanmoqda. Eng muhimi bu yerda stajirovka o‘tagan yoshlar ushbu korxonaning o‘zida ishga joylashtiriladi. Doimiy ish bilan bandligi kafolatlanadi. Hozirda korxona ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha yangi loyihalarni amalga oshirmoqda. Buning natijasida yaqin ikki-uch oyda 150 nafar xodimni ishga joylashtirish imkoniyati yuzaga keladi. Eʼtiborli jihati, ayni kunda tahsil olayotgan tinglovchilar korxona hisobidan 1 000 000 so‘mgacha stipendiya, issiq ovqat va yotoq-joy bilan ham taʼminlanmoqda.

Albatta, tashkil etilayotgan yangi korxonalarning qariyb 60 foizini o‘rta maxsus maʼlumotga ega mutaxassislar tashkil etadi. Bu ishchi o‘rinlarini to‘ldirish maqsadida Toshkentdagi Chilonzor 1-son kasb-hunar maktabi bilan boshlang‘ich kasb mutaxassisliklarini tayyorlashga katta eʼtibor qaratilyapti.

Bugungi kunda ushbu kasb-hunar maktabida 10 dan ortiq mutaxassisliklar bo‘yicha boshlang‘ich kadr tayyorlanmoqda. Yoshlarga bolalikdan bu kasbga qiziqishini oshirish maqsadida uyushma huzurida “Makerspace” va “Co-working” xonalari tashkil etildi. Ushbu texnik ijodkorlik xonalari maxsus texnikalar bilan jihozlangan. Bu yerda bolalar maktab davridan boshlab, texnikaga oid bilimlarini mustahkamlab boradi. Yangi g‘oyalar, startap loyihalar, ishlanmalarini shu joyning o‘zida sinovdan o‘tkazadi. Endilikda umumtaʼlim maktabining yuqori sinf o‘quvchilari uchun Mehnat fani taʼlimida elektrotexnika yo‘nalishida kasb hunar o‘qitiladi.

Yana bir oldimizdagi dolzarb masala elektrotexnika sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarining yetarli emasligi. Ko‘pgina tadqiqot ishlari, afsuski qog‘ozda qolib ketyapti, amaliyotga tatbiq etilayotgani yo‘q. Bu borada hozir ilmiy–tadqiqot va tajriba-konstruktorlik (R&D) markazini tashkil etish vazifasi qo‘yilmoqda. Bundan tashqari, mamlakatimiz oliy taʼlim muassasalari talabalari uchun «Master klass» mashg‘ulotlari tashkil qilinmoqda. Xuddi shunday mashg‘ulotlar Urganch davlat universitetida, Jizzax politexnika institutida, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetining Termiz filiali, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot, Buxoro muhandislik-texnologiya institutlarida yuqori muvaffaqiyatlarga erishgan tadbirkorlar ishtirokida «Mahorat darslari» tashkil qilindi. Hatto shu joyning o‘zida yoshlarga tadbirkorlar tomonidan bo‘sh ish o‘rinlari taklif qilinmoqda. Mashg‘ulot natijalariga ko‘ra, yoshlarni ishga joylashtirish choralari ham bir paytda hal qilinmoqda.

Manba: AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda “O‘zeltexsanoat” uyushmasi axborot xizmati rahbari Namoz Tolipov tomonidan maʼlum qilingan

By admin

Fikr bildirish