Guliston shahridagi viloyat Yoshlar texnoparkining ish boshlaganiga hali koʻp boʻlgani yoʻq. Uni tashkil etishdan koʻzlangan maqsad, samarali faoliyatni yoʻlga qoʻyish bosqichlari, oldinda turgan asosiy vazifalar haqida texnopark direktori Bahodir Qoʻshiyev quyidagilarni bayon qildi:

— Sirdaryo viloyati Yoshlar texnoparkining bosh vazifasi ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini amaliyotga joriy qilishdan iborat. Yaʼni bu yerga talaba-yoshlar, ilmiy tadqiqotchilar oʻz gʻoyalari bilan keladilar. Biz esa uni loyiha, yaʼni namuna shaklga keltiramiz. Shuningdek, oʻquv jarayoni amalga oshiriladi, loyihalar ustida ishlanadi, ishlab chiqarish portativlarini yoʻlga qoʻyamiz. Koʻrinib turibdiki, texnoparkda asosan talaba-yoshlar va ilmiy izlanuvchilarning loyihalari bilan shugʻullaniladi. Ammo bu uning faoliyati faqat shu bilan chegaralanib qoladi, degani emas. Biz jamiyat uchun foyda keltiradigan loyihasi yoki gʻoyasi boʻlgan har qanday soha vakilini, yoshidan qatʼi nazar, qoʻllab-quvvatlaymiz.

Maʼlumki, viloyat miqyosidagi mazkur texnopark ilk bor tashkil etildi. Uning faoliyati 4 bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqich iqtidorli yoshlarni aniqlashga qaratilgan. Bunda hududlarda belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha tanlovlar oʻtkazilib, ularda saralab olingan salohiyatli yoshlar oʻzlarining bilim va koʻnikmalari, gʻoyalari va loyihalari asosida bir qancha yoshlar uyushmalariga aʼzolikka qabul qilinadi. Ikkinchisi, oliy taʼlim muassasalari, Yoshlar akademiyasi va Yoshlar parlamenti aʼzolari safidan istiqbolli biznes loyiha va gʻoya egalari respublika boʻylab texnoparkka jalb qilinadi hamda ularning loyihalari rivojlantiriladi.

Kichik ishlab chiqarishni tashkil etish – bu navbatdagi bosqichdir. Yuqorida aytib oʻtilgan bosqichlarni bosib oʻtgan loyiha egalari Yoshlar texnoparkida kichik ishlab chiqarishni tashkil etadilar. Bunda ushbu loyiha egalariga 3 oy muddatga bepul ofis xonalari taqdim etiladi. Keyinchalik 50 foizlik ijara asosida doimiy qolish imkoni taklif qilinadi. Marketing strategiyasi ishlab chiqiladi, mahalliy va xorijiy investorlar, venchur fondlar va biznes angellar mablagʻlari yoʻnaltiriladi. Startap loyihalar uchun davlat grantlari ajratish ham koʻzda tutilgan. Vanihoyat, bozorga moslashgan mahsulot yaratish bosqichiga oʻtiladi. Bunda texnoparkda yaratilgan mahsulotlarning bozorda xaridorgir boʻlishiga amaliy koʻmaklashiladi.

“Yoshlar texnoparkiga xodimlar qay tartibda ishga qabul qilinadi?” degan savol ham tugʻilishi tabiiy. Avvalo, bizda istiqbolli gʻoya va loyiha bilan kelgan yoshlar mahoratli spikerlar, mentorlar, startapchilar tomonidan oʻqitiladi. Hozirda texnoparkimizda 16 nafar xodim faoliyat yuritmoqda. Ularning asosiy qismini talabalar tashkil etadi. Biz ularni erishgan yutuqlari va yaratgan yangi loyihalari asosida saralab olganmiz.

Oʻtgan qisqa vaqt ichida texnoparkimiz tomonidan 11 ta loyiha moliyalashtirilgani va buning uchun umumiy hisobda 9.8 milliard soʻm mablagʻ ajratilgani yana bir eʼtiborli jihatdir. Misol uchun, anor va uzum danagidan yogʻ ishlab chiqarish loyihasini olaylik. Bilamizki, anordan sharbat olinadi. Uning poʻstlogʻidan ham xalq tabobatida va qishloq xoʻjaligida keng foydalaniladi. Endi esa izlanuvchan yosh olimlarimiz sharofati bilan anor danagidan yanada koʻproq foyda olish yoʻlga qoʻyildi. Zotan, anor danagi yogʻida inson organizmi uchun zarur boʻlgan vitamin va minerallar mavjud.

Qolaversa, oʻtgan yilning dekabr oyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Yoshlar agentligi tomonidan oʻtkazilgan Respublika yoshlar forumida “Raqamli Innovatsion elektron oʻrgimchak tarmogʻi” loyihasi bilan ishtirok etib, birinchilikni qoʻlga kiritdik. Va bu loyihamiz 11.5 milliard soʻm mablagʻ bilan moliyalashtirilishi belgilandi.

Shuningdek, xalqaro aloqalarni ham rivojlantirishga harakat qilyapmiz. Bu boradagi eng soʻnggi yangilik shuki, yaqinda Sirdaryo Yoshlar texnoparkiga Turkiyaning TiKA agentligi tomonidan grant ajratiladigan boʻldi. Bu haqida agentlikning Toshkentdagi vakolatxonasida oʻtkazilgan uchrashuvda maʼlum qilindi. Agentlik bilan kelishuvga koʻra, mexatronika, robototexnika, 3D modellashtirish, 3D printerlar kabi yoʻnalishlar boʻyicha texnologiyalar olib kelish belgilandi.

Yana bir muhim masala. Texnoparkimiz faoliyatini kengaytirishga doir rejamizda alohida til oʻqitish kurslari tashkillashtirilishi nazarda tutilgan. Ushbu oʻquvlar mutlaqo bepul tarzda olib boriladi. Xullas, izlanuvchan, ilmiy gʻoyalarini ishlab chiqarishga yoʻnaltirish, oʻz ustida ishlash istagida boʻlgan har bir yigit-qiz uchun Yoshlar texnoparki eng katta va ajoyib imkoniyatlar eshigi boʻlishi tayin.

Muslima Risqulova yozib olgan, “Xalq soʻzi”

By admin