Bugun, 12-may kuni Guliston shahar markaziy hiyobonida fuqarolarning mehnat, bandlik va migratsiya masalalaridagi murojaatlarini tinglash, bu boradagi dolzarb masalalarni o‘rganish va ularni hal qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari Umurzakov Baxodir Xamidovich ishtirokida ommaviy sayyor qabul o‘tkazildi.

Bo‘lib o‘tgan ommaviy sayyor qabul mobaynida vazir o‘rinbosari qabuliga kelgan 47 nafar fuqaroning mehnat organlari masalalaridagi faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan murojaatlari o‘rganildi.

Murojaatlar asosan bandlik masalalari, ishga joylashish, ishdan nohaq bo‘shatilganlik holatlari, kasb-hunarga yo‘naltirish, horijga vaqtincha ishga joylashish, shuningdek, subsidiya olish bilan bog‘liq bo‘lgan hujjatlarning qonuniy hal etishga oid masalalaridan iborat bo‘ldi. Yo‘llangan har bir murojaat vazir o‘rinbosari, boshqarma boshlig‘i hamda tegishliligi bo‘yicha soha masʼullari tomonidan o‘rganib chiqilishi va qonuniy qaror qabul qilinishi qatʼiy nazoratga olindi.

— O‘tkazilgan sayyor qabuli davomida 60 dan ortiq fuqaro ishtirok etmoqda, — deydi viloyat Bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Nurilla Mamatqulov, — Sayyor qabul mobaynida vazirlik rahbariyatiga kelib tushgan 47 ta murojaatlarning 15 tasi bugunning o‘zida ijobiy hal etilib, qolgan vaqt va mablag‘ talab qilinadigan murojaatlar ijrosi nazoratga olindi. 6 nafar ishsiz fuqaroga asbob-uskunalar, xususan 2 nafar fuqaroga tikuv mashinalari, 2 nafar fuqaroga qishloq ekinlari sug‘orilishi uchun zarur bo‘lgan tomchilatib sug‘orish texnologiyalari va yana 2 nafar fuqaroga duradgorlik asbob-uskunalar to‘plami subsidiya asosida olib berildi.

Vazirlik rahbariyatining Sirdaryo viloyati bo‘ylab tashrifi davom etmoqda.

Sirdaryo viloti Bandlik bosh boshqarmasi matbuot xizmati

By admin