O‘zbekistonda so‘nggi ikki yil davomida nogironligi bo‘lgan fuqarolarni ishli qilgan tadbirkorlarga har bir ishchisi uchun 10 million 800 ming so‘mgacha subsidiya, shuningdek 12 oy davomida bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari — 540 ming so‘m miqdorida haq to‘lash tartibi joriy etilgan. Bu haqda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi mas’ullari bilan bo‘lgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi, deyiladi “Daryo” xabarida.

“So‘nggi ikki yil ichida nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan ish beruvchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ikkita tartib joriy etilgan. Jumladan xususiy tadbirkorlik subyektlariga ish o‘rinlari va sharoitlarini nogironligi bo‘lgan shaxslarga moslashtirish uchun har bir moslashtirilayotgan ish joyiga bazaviy hisoblash miqdorining 40 baravarigacha — 10 million 800 ming so‘m miqdorda subsidiya ajratilmoqda. Shuningdek, ijtimoiy muhtoj aholi qatlamlariga mansub shaxslarni kvotalangan eng kam sondan ortiq miqdorda ishga qabul qilgan tashkilotlarga — har bir xodim uchun 12 oy davomida har oyda bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari — 540 ming so‘m miqdorida haq to‘lash tartibi joriy etilgan. Ammo buni ko‘pchilik tadbirkorlarimiz ham bilmaydi. Shuning uchun OAV vakillari orqali buni ko‘proq targ‘ib qilib, tadbirkorlarimizga yetkazishimiz kerak”, — dedi vazir o‘rinbosari.

Erkin Muhitdinov.
Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Vazir o‘rinbosarining qo‘shimcha qilishicha, nogironligi bor fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish uchun Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan 5 milliard 400 million so‘m mablag‘ ajratilgan.

“2022-yilning may oyidan har bir hududda Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan nogironligi bo‘lgan shaxslarni maxsus dasturlar asosida kasb-hunarga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasining oshirish uchun har bir nogironligi bo‘lgan shaxslarning kasb-hunarga o‘qitish uchun bir oyga 1 million 100 ming so‘mgacha grantlar ajratiladi. Ushbu maqsadlar uchun Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan 5 milliard 400 million so‘m mablag‘ ajratish belgilandi. Grantlar evaziga 2022-yilning birinchi yarmida qariyb ikki ming nafar nogironligi bo‘lgan shaxslarni kasb-hunarga o‘qitishni rejalashtirdik”, — deydi vazirning birinchi o‘rinbosari Erkin Muhitdinov.

By admin