1) Mehnat haqining miqdori ish beruvchi bilan xodim o‘rtasidagi kelishuvga binoan belgilanadi. Mehnat haqi qonunchilik bilan belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan oz bo‘lishi mumkin emas va uning eng ko‘p miqdori biron bir tarzda cheklanmaydi.

2) Mehnat haqi shakli va tizimlari, mukofotlar, qo‘shimcha to‘lovlar, ustamalar, rag‘batlantirish tarzidagi to‘lovlar jamoa shartnomalarida, shuningdek ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib qabul qilinadigan boshqa lokal hujjatlarda belgilanadi. Mehnatga haq, qoida tariqasida, pul shaklida to‘lanadi. Mehnat haqini natura shaklida to‘lash taqiqlanadi, O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan belgilangan hollar bundan mustasno.

3) Byudjet hisobidan moliyaviy jihatdan ta’minlanadigan muassasalar va tashkilotlarning, shuningdek davlat korxonalarining xodimlari mehnatiga haq to‘lash shartlarining eng kam darajasi qonunchilik bilan belgilanadi.

4) Tabiiy-iqlim va turmush sharoitlari noqulay bo‘lgan joylarda mehnat haqiga rayon koeffisiyentlari va ustamalar belgilanadi.
Rayon koeffisiyentlari va ustamalar joriy qilinadigan joylarning ro‘yxati, shuningdek ularni qo‘llanish tartibi va miqdori O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan belgilanadi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Axborot xizmati

 

By admin