Avvalroq, joriy yilning 12-iyul kuni Sirdaryo arxitektura va qurilish texnikumida viloyat Bandlik bosh boshqarmasining Toshkent shahridagi “Texnopark” MCHJ bilan hamkorlik kelishuviga muvofiq sovutgichlar ishlab chiqarishni yig‘uvchi vazifasiga ishchilarni ishga qabul qilish bo‘yicha tanlov o‘tkazilganligi, shuningdek ayni kunlarda, mazkur tanlov asosida viloyatimizning barcha hududlarida, tuman va shahar Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari tomonidan ishchilarni ishga qabul qilish bo‘yicha aholi o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilib, ishlash istagidan bo‘lgan fuqarolarning tegishli hujjatlari rasmiylashtirilib borilayotganligi haqida xabarlar berilgandi.

Joriy yilning, 15-iyul kuni viloyat miqyosidagi dastlabki 72 nafar vaqtincha ishsizlar Sirdaryo viloyati Bandlik bosh boshqarmasida jamlanib, 3 ta yo‘lovchi tashuvchi avtobuslar yordamida, boshqarma boshlig‘i Murodjon Muhammadiyev hamda uning o‘rinbosarlari, shuningdek tuman va shahar Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari direktorlari kuzatuvida Toshkent shahridagi “Texnopark” MCHJga kuzatib qo‘yildi hamda ishchilar korxona tomonidan ajratilgan yotoq joylari bilan taʼminlangandi.

Bugun, 19-iyul kuni navbatdagi 100 nafarga yaqin sirdaryolik ishchilar Sirdaryo viloyati Bandlik bosh boshqarmasi rahbariyati hamda tuman va shahar Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari direktorlari hamrohligida Toshkent shahridagi “Texnopark” MCHJga kuzatib qo‘yildi. Mazkur ishchilar dastlab 5 kun davomida korxona faoliyati bilan tanishtiriladi, tegishli yo‘riqnomalar bilan o‘qitiladi, ish jarayonlari o‘rgatiladi hamda ish faoliyatlarini boshlashadi.

Maʼlumot o‘rnida, ishchilarni ishga qabul qilish jarayonlari davom etmoqda. Ikki million so‘mdan boshlanadigan oylik maoshiga “Texnopark” MCHJda ishlash istagida bo‘lgan fuqarolar hududiy Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlariga murojaat qilishlari mumkinligini yana bir bora eslatib o‘tamiz.

Sirdaryo viloyati Bandlik bosh boshqarmasi matbuot xizmati

By admin