Avval xabar berganimizdek, bugun 20-iyul kuni Sirdaryo viloyati Bandlik bosh boshqarmasining birinchi yarim yillik yakunlariga bag‘ishlangan OAV vakillari, jurnalistlar va ijtimoiy tarmoq faollari hamda viloyatdagi boshqarmalar, tashkilotlar, muassalar, idoralar shuningdek mahalliy hokimliklar axborot xizmatlari xodimlari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Matbuot anjumani avvalida Sirdaryo viloyati Bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i Murodjon Muhammadiyev tomonidan viloyat miqyosida bandlik sohasida 2022 yilning yanvar-iyun oylarida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi tahliliy maʼlumoti o‘qib eshittirildi.

Matbuot anjumani davomida, ishtirokchilar tomonidan soha rahbarlariga keng jamoatchilikni qiziqtirayotgan, ularni o‘ylantirayotgan hamda yechimini kutayotgan muammolar xususida ochiq savollar yo‘llandi.

Shu kabi yo‘llangan savollardan biri bevosita Davlat mehnat inspeksiyasi inspektorlari tomonidan Sirdaryo viloyatida byudjet tashkilotlarida tekshirishlar o‘tkazish bilan bog‘liq bo‘ldi. Mazkur savolga Sirdaryo viloyati Davlat mehnat inspeksiyasi boshlig’i o’rinbosari Azizbek Aliqulov tomonidan batafsil maʼlumot berildi.

Taʼkidlanishicha, Davlat mehnat inspeksiyasi inspektorlari tomonidan 2022 yil 6 oyi davomida 2022 yilda byudjet tashkilotlarida tekshirishlar o‘tkazish rejasiga asosan 132 ta byudjet tashkilotlarida belgilangan tartibda tekshirishlar o‘tkazildi va aniqlangan 2461 ta kamchiliklar yuzasidan ish beruvchilarga bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatmalar berilib, mehnat va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi Qonun hujjatlarining buzilishiga yo‘l qo‘ygan 132 ta byudjet tashkilotlarining 132 nafar mansabdor shaxslariga maʼmuriy jarima choralari qo‘llanilgan.

«Shu jumladan, bo‘sh ish o‘rinlarini aniqlash borasida olib borilgan monitoring natijasida xamda bo‘sh ish o‘rinlarini elektron xisobotlarini o‘z vaqtida topshirmagan 14 nafar, ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynaladigan va mehnat bozorida teng sharoitlarda raqobatlashishga qodir bo‘lmagan shaxslarga eng kam miqdordagi ish joylarini yaratilishini taʼminlamagan 9 nafar mansabdor shaxslarga maʼmuriy jarimalar belgilandi», — deydi Azizbek Aliqulov.

Matbuot anjumaniga oid qiziqarli maʼlumotlar qo‘shimcha tarzda yoritilib boriladi.

Sirdaryo viloyati Bandlik bosh boshqarmasi matbuot xizmati

By admin