Bugun, 27-iyul kuni Guliston «Ishga marhamat» monomarkazida Respublika ishchi guruhi vakillari bo‘lishdi. Ularga viloyat sektor rahbarlari, viloyat prokurori Sanjar Mavlonov, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Buronov, viloyat Davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i Jo‘rabek G‘oyipov hamda Guliston shahar hokimi To‘lqinjon Dadabayevlar hamrohlik qilishdi.

Dastlab ishchi guruh aʼzolari monomarkaz direktori Farxod Qarshiboyev tanishtiruvida monomarkaz faoliyati, unda kasb-hunarga o‘qitilayotgan tinglovchilarga yaratilgan shart-sharoitlarni ko‘zdan kechirishdi.

Shundan so‘ng, Sirdaryo viloyati Bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i Murodjon Muhammadiyev viloyatda aholi bandligini taʼminlash borasida hamkor tashkilotlar bilan birgalikda amalga oshirilayotgan hamda kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlarni ko‘rgazmali taqdimotlar orqali tanishtirdi.

Boshqarma boshlig‘i viloyatdagi mehnat bozoridagi vaziyat haqida to‘xtalib o‘tarkan, bugungi kunda aholi soni 887,1 ming kishini, mehnat resurslari 489,1 ming kishini, band aholi 337,3 ming kishini (shundan norasmiy 133,1 ming kishini 39,5 foiz), ishsizlar 36,3 ming kishini (9,7 foiz), iqtisodiy nofaol aholi 115,5 ming kishini, chet elda ishlab yurganlar 35,7 ming kishini tashkil etayotganligini taʼkidladi. Taqdimot so‘nggida Murodjon Muhammadiyev topshiriqlar asosida ishlar davom ettirilayotganligini aytib o‘tdi.

Respublika ishchi guruhi aʼzolari shuningdek, Guliston «Ishga marhamat» monomarkazi binosida joylashgan Tashqi mehnat migratsiya agentligi viloyat mintaqaviy filiali faoliyati, unda tashkil etilgan yapon tiliga o‘qitish o‘quv mashg‘uloti, hamda xorijda ishlash istagida bo‘lgan fuqarolarning onlayn suhbat jarayonlari bilan tanishishdi. Shuningdek, ishchi guruh vakillari yaponiyalik mutaxassis Uehara Manabu bilan samimiy suhbatda bo‘lishdi.

Sirdaryo viloyati Bandlik bosh boshqarmasi matbuot xizmati

By admin