Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Akmaljon Maxmudaliyev Turkiyaning “Cengiz Enerji” kompaniyasi bosh direktori Axmed Jengizni qabul qildi.

Muloqot davomida oʻzaro sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish, hamkorlik aloqalarni kengaytirishga doir dolzarb masalalar muhokama etildi.

Tomonlar Oʻzbekiston va Turkiya davlatlari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik borasida toʻxtalib, bugungi kunda ikki davlat rahbarlarining tashabbusi bilan barcha sohalar aloqalar tobora yangi bosqichga chiqayotganligi, iqtisodiyot rivoji uchun muhim boʻlgan yirik energetika loyihalari amalga oshirilayotganini mamnuniyat bilan qayd etishdi.

Kompaniya rahbari Xovos tumanidagi quvvati 220 MVt boʻlgan gaz-porshenli elektr stansiyasini qurish loyihasi muvaffaqiyatli boʻlgani, joriy yilning dekabr oyi yakuniga qadar toʻliq quvvatda ishga tushirilishini taʼkidladi. Shuningdek, yana bir yirik, qiymati 300,0 million AQSH dollarilik quvvati 450 MVt boʻlgan gaz-porshenli elektr stansiyasini qurish loyihasi ishlab chiqilayotgani, buning uchun viloyatning infratuzilma imkoniyatlari har tomonlama oʻrganilganini bildirdi.

Viloyat hokimi Sirdaryoning iqtisodiyoti, sanoat korxonalarini ishlab chiqarish quvvatlari yildan-yilga ortib borayotgani, bunda elektr energiyaga boʻlgan talab yanada ortishini taʼkidlab, mazkur sohada hamkorlik qilishga tayyor ekanligini, shuningdek, tegishli vazirlik va idoralar bilan qoʻshimcha muzokaralar olib borilishini maʼlum qildi.

Maʼlumot oʻrnida, ushbu loyiha doirasidagi qurilish ishlariga 800-900 ta mahalliy ishchi kuchi jalb qilinishi, faoliyatini boshlagach 100-120 ta doimiy ish oʻrni yaratishi koʻzda tutilgan.

By admin