Ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularning mehnat faolligini oshirish va kasb-hunarga oʻqitishga qaratilgan hamda aholi bandligini taʼminlash yuzasidan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan samarali ishlar olib borilmoqda.
Sirdaryo viloyati Bandilik bosh boshqarmasi tasarrufidagi Guliston “Ishga marhamat” Monomarkazida ishsiz va band boʻlmagan aholini kasb-hunarga oʻqitish boʻyicha 28 ta yoʻnalish mavjud. Bu yerda davr talabiga mos ravishda yangi yoʻnalishlarda ham oʻquv-kurslari tashkil etilmoqda. Jumladan, Yaponiya davlati bilan oʻzaro hamkorlik har tomonlama kuchaytirilayotganligini inobatga olib, kun chiqar yurtda ishlash istagida boʻlgan fuqarolarga til oʻrgatish uchun yapon tili kurslari ham yoʻlga qoʻyilgan.
Bugun monomarkazdagi yangiliklar, umuman, viloyat Bandlik bosh boshqarmasi tomonidan hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar bilan keng jamoatchilikni yaqindan tanishtirish maqsadida press-tur oʻtkazildi.
Unda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi matbuot xizmati rahbari M.Mirzayeva, markaziy va mahalliy OAV vakillari hamda blogerlar ishtirok etdilar.
Dastlab, ishtirokchilar monomarkaz faoliyati bilan tanishish davomida Yapon tili kursida taxsil olayotgan tinglovchilar bilan suhbatlashib, u yerdagi shart-sharoitlarni koʻzdan kechirishdi. Mazkur yoʻnalishda shu yilning 30-noyabrida ish boshlangan boʻlib, hozirda 20 nafar tinglovchi oʻqishni davom ettirmoqda. Bundan tashqari, viloyat migratsiya boʻlimi qoshida ham 20 nafar tinglovchi oʻqishni davom ettirmoqda.
OAV vakillari yana bir yangi – “Baliqchilik” yoʻnalish bilan ham tanishdilar.
Oʻtgan davr mobaynida monomarkazda 1802 nafar tinglovchilar oʻqishni tamomlagan boʻlsa, ularning 10nafari “Temir daftar”da, 41nafari “Ayollar daftari”da, 47nafari “Yoshlar daftari”dan roʻyxatgaolingan fuqorolar hisoblanadi. Shuningdek, 51 nafar nogironligi bor fuqarolar kasb-hunarga oʻrgatildi.
Press-tur qatnashchilari Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan ajratilgan subsidiya asosida yaqinda faoliyatini boshlagan “Mehr vodiysi” unitar korxonasiga olib borildi.
Korxonada 41 nafar xodim 14 xildagi sport anjomlari ishlab chiqarilayapti.
Eʼtiborli jihati, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 21-dekabrdagi “Nogironligi boʻlgan shaxslarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning bandligiga koʻmaklashish hamda ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-57-sonli qaroriga muvofiq 19 nafar imkoniyati cheklangan fuqaro ish bilan taʼminlangan.
Tadbir davomida ishchi-xodimlarning shukronaligi va iliq fikrlaridan koʻngillar shod boʻldi.