Guliston shahri Namuna mahallasida yangi “Comfort apart hotel” mehmonxonasi ish boshladi.

Ochilish marosimida viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Akmaljon Mahmudaliyev, shahar sektor rahbarlari hamda nuroniylar ishtirok etdi va yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Tadbirda soʻz olgan viloyat hokimi muhtaram Prezidentimiz tomonidan tadbirkorlarga berilayotgan eʼtibor, imkoniyatlar, yaratilgan shart-sharoitlar haqida toʻxtalib, oʻz navbatida tadbirkorlar ham bunga javoban yangi-yangi loyiha va tashabbuslarga qoʻl urayotganini taʼkidladi.

– Har hafta tadbirkorlar qabulini oʻtkazayotganimiz ham bejiz emas, – dedi Akmaljon Maxmudaliyev. – Ularni qoʻllab-quvvatlash, duch kelayotgan muammolarini bartaraf etish choralarini koʻryapmiz.

Loyiha tashabbuskori ham istiqboldagi rejalari haqida toʻxtaldi.

– Bu yerda 15 ta yangi ish oʻrni yaratilgan. Kelgusida mehmonxona va servis xizmatlarini kengaytirish orqali ish oʻrinlarini yanada koʻpaytirmoqchimiz, – dedi Zafar Mamadaliyev.

Maʼlumot oʻrnida, 2018-yilda viloyatda 7 ta mehmonxona, 5 ta restoran-kafe va 1 ta ekoturizm maskani faoliyat yuritgan boʻlsa, bugunga kelib, mehmonxonalar 12 taga, restoran-kafelar 20 taga, ekoturizm maskanlari soni esa 5 taga koʻpaydi. Bundan tashqari oʻtgan 4 yil mobaynida 14 xostel, 11 oilaviy mehmon uylari faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Turizm va unga turdosh sohalarda 6715 ta yangi ish oʻrinlari yaratilishiga erishildi.

Ayni vaqtda esa “Shoxrux Demirbek” MCHJ tomonidan qiymati 6 million AQSH dollariga teng yirik sigʻimga ega mehmonxona hamda zamonaviy davolash-sogʻlomlashtirish maskani, “Soxil Ekoturizm” MCHJ tomonidan ovchilik, baliqchilik qilishga moʻljallangan dam olish maskani, “Classimo and hayat” MCHJ tomonidan qiymati 8 milliard soʻmlik mehmonxona va bouling-klub tashkil qilish loyihalari amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, kelgusi yillarda “Ravon Arena” MCHJ tomonidan Sirdaryo tumani Sholikor mahallasida restoran, mehmonxona, baliq ovi va choʻmilish havzalari, bolalar va sport maydonchalarini oʻz ichiga olgan kompleks barpo etilishi rejalashtirilgan.

By admin